Samarqand viloyatida fevral oxiridan boshlab 15 ming nafar fuqaro korornavirusga qarshi emlanishi kutilmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi rahbari Adxam Baxromov STVga ma’lum qildi.

«Samarqand viloyatida fevralning oxiri martning boshida 15 ming kishi koronavirusga qarshi emlanadi. Birinchi bo‘lib vaksinani tibbiyot xodimlari va sog‘liqni saqlash tizimidagilar, surunkali kasalligi bor katta yoshdagi kishilar qabul qiladi. Bosqichma-bosqich tarzda maktab o‘qituvchilari va bolalar bog‘chalari tarbiyalovchilari emlanadi. Bolalar ham chetda qolmaydi», — dedi u.

Samarqand aholisini emlashning shartli joyi sifatida 2-sonli Oilaviy poliklinika tanlanishi kutilmoqda. Tuman va shaharlar aholisi ko‘p tarmoqli poliklinikalar negizida tashkil etilgan hududiy emlash punktlarida emlanadilar.

«Hozirda O‘zbekiston Rossiyada ishlab chiqariladigan „Sputnik V“ vaksinasini sotib olish uchun muzokaralar olib bormoqda. 100 ming doza vaksina olib kelinishi kutilmoqda, lekin bu masala hali hal qilinadi, chunki vaksina o‘z yurtida uchinchi klinik sinovlarni o‘tmoqda», — dedi viloyat Sanitariya xizmati rahbari.


«Biz mintaqadagi aholining qaysi qismi ushbu kasallik bilan zararlangini aniq bilmaymiz. Bu ko‘plab holatlarda kasallik alomatlarsiz yoki yengil formada o‘tayotganligi bilan bog‘liq. Biz hozirgacha kasallikdan keyin shakllangan immunitet qancha turishini, yangi paydo bo‘lgan shtammlar o‘zini qanday tutishini va odamzot yana qanday muammolar bilan duch kelishini bilmaymiz», — dedi Adxam Baxromov.

Emlovchi xodimlarni, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlarini, emlash joylarini qabul qilinadigan vaksinani saqlash va transportirovka qilish sharoitlariga mos ravishda tayyorlash kerakligi aytildi.

«Xitoy vaksinasini saqlashda, xuddi boshqalari kabi, harorat rejimini ta’minlab turish muhim. Bunda transportirovkaning asosiy qoidalariga rioya qilish kerak», deyiladi xabarda. Viloyat sanitariya-epidemiologiya rahbarining aytishicha, ushbu maqsadda vaksinani kerakli haroratda tranportirovka qiladigan 16 dona avtorefrejiratorlar sotib olish rejalashtirilgan.