Buxoro shahrida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi lavozimiga Botir Zaripov tasdiqlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda deputatlar prezident tomonidan tavsiya etilgan Botir Zaripovning nomzodini qo‘llab-quvvatladilar.

«Viloyatni boshqarish, odamlarni safarbar qilish oson ish emas. Buni Zaripovning o‘ziyam tushunyapti. Men uni turli lavozimlarda sinaganman, oxirgi uch oyda hokim vazifasini bajaruvchi sifatida sizlar ham sinadingiz. Buxoroning suvini ichib, changini yutib ulg‘aygan yigit viloyat sharoitini yaxshi biladi. Eng muhimi, buxoroliklarni yaxshi ko‘radi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

B.Zaripov 1969 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Bank sohasida turli lavozimlarda ishlagan. 2016−2020 yillarda respublika qurilish materiallari sanoatini boshqargan.

Xalq deputatlari, oqsoqollar so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Botir Zaripov Buxoro viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

«Buxoroi sharifdek joyga, uning buyuk xalqiga rahbar bo‘lish hammaga ham nasib etmaydi. Ana shu ishonch doim qulog‘ingiz ostida tursin. Kunlar, yillar shiddat bilan o‘tadi. Agar buxoroliklar „viloyatimizga to‘g‘ri kadr kelgan ekan“, deb rozi bo‘lsa, men ham o‘zimni baxtiyor sezaman,» — dedi prezident.

Botir Zaripov 2020 yil 7 noyabr kuni viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi. Ungacha u «O‘zqurilishmateriallari» uyushmasi raisi lavozimida faoliyat olib borgan.

Bundan tashqari, bungacha Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Nozimjon Xolmurodov Buxoro hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Buxoro hokimining birinchi o‘rinbosari Farhod Umarov esa Vobkent tumani hokimi tayinlandi.