Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati rahbari Tursunali Akbarov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi binosi oldida ochlik e’lon qilib, o‘z noroziligini bildirgan Fotima Jo‘rayeva masalasida munosabat bildirdi.

15 yanvar kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida o‘zini bloger deb tanishtirgan Fotima Jo‘rayeva (sahifasida filolog, xususiy tadbirkor deb qayd etilgan) JIB Andijon sudida UZ DONG YANG qo‘shma korxonasining sobiq rahbarlariga oid ishni 4−5 oy muqaddam lavozimga tayinlangan tajribasiz sudya ko‘rayotgani, unga kiritilgan iltimosnoma va arizalar rad etilganini ta’kidlagan. Shu bois, bloger ayblanuvchilardan so‘ng, o‘zi ham ochlik e’lon qilishini aytgan.

«O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan (so‘rayman), O‘zbekistonda adolat, haqiqat bormi? Sudlarimizda mustaqillik bormi? Qachongacha xalqimiz bunaqa qiynaladi. Men ham kecha haqiqat, adolat uchun och qolishga, shu insonlar bilan sherik bo‘lishga ahd qildim. 12 soat bo‘ldi, mayli, O‘zbekistonda haqiqatga erishish uchun och qolib, o‘ladigan bo‘lsam, shunga ham roziman», — degan Jo‘rayeva.

Sudyalar oliy kengashi vakili ta’kidlashicha, Fotima Jo‘rayeva shahar sudida mazmunan ko‘rib chiqilayotgan UZ DONG YANG qo‘shma korxonasi sobiq mutasaddilari va boshqalarga oid jinoyat ishi bo‘yicha biror taraf hisoblanmaydi. U sud majlisida «bloger sifatida hozir bo‘lishi va jarayonni kuzatishi mumkin, xolos».

Qayd etilishicha, Jo‘rayeva sudga qatnashish bo‘yicha hech qanday cheklovga duch kelmagan. Advokatlarning uch nafar sudlanuvchi ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqidagi iltimosnomasi bir necha mlrd so‘m zarar qoplanmagani bois qanoatlantirilmagan.

«E’tibor bering, advokatlarning iltimosnomasi va arizasi qanoatlantirilmaganiga norozilik sifatida bloger ochlik e’lon qilmoqda. Uning bunday xatti-harakati nafaqat huquqiy malakasi va madaniyati yetishmasligi, balki noxolisligi, sun’iy ravishda vaziyatga siyosiy tus berib, shu orqali jamoatchilik e’tiborini tortgan holda bosim o‘tkazish deb hisoblaymiz», — dedi Tursunali Akbarov.

Mazkur holatga tegishli huquqiy baho berilishi lozimligi ham qo‘shimcha qilindi.

Bundan tashqari, Kengash vakili so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda «nima uchun aksariyat sud majlislari jarayonini videotasvirga olishga ruxsat berilmayapti?» kabi savollar muhokama qilinayotganini aytib, bu bo‘yicha tushuntirish berdi.

Uning aytishicha, bu jarayon nozik va xassos bo‘lib, jabrlanuvchi va ularning yaqinlari sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ish holati hamda taraflarning fikrini inobatga olgan holda raislik tomonidan hal etiladi. «Biroq bu videotasvirga olishga ruxsat bermaslik, jurnalist va blogerlarning sud zalini tark etishi shart ekanini anglatmaydi», — dedi Akbarov.