Chilonzor tumani hokimi Sarvar Maxametov prezident tomonidan belgilangan vazifalarni uch oy ichida bajarishga va’da berib, ishdan bo‘shamaydigan bo‘ldi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev juma kuni Yunusobod tumanida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Yig‘ilishda Yunusobod tumanidagi tijorat banklari biriktirilgan 63 ta mahallada yangi ish tizimi muhokama qilindi.

Maxsus ishchi guruh mahallalarning rivojlanish darajasi, mavjud muammolari va imkoniyatlarini o‘rganib chiqdi. Bosh vazir o‘rinbosarlari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Yunusobod tumanini rivojlantirishning 2021−2022 yillarga mo‘ljallangan investitsiya loyihalari, ish o‘rinlarini yaratish va mahalliy byudjet rentabelligini oshirish, rivojlanish infratuzilma kompleks dasturini taqdim etishdi.

Xuddi shunday ish tizimini Toshkentning boshqa tumanlaridagi mahallalarda ham joriy etish rejalashtirilmoqda. Ushbu masalaga to‘xtalgan prezident Chilonzor tumani hokimi Sarvar Maxametovni lavozimidan ozod etish haqida o‘ylayotganini aytdi, ammo hokim uch oy ichida topshiriqlarni bajarishga va’da berdi.

«Men Chilonzor tumani hokimiga topshiriq berganman, qoladimi yoki yo‘qmi. Men uni ishdan olmoqchi edim, lekin u menga yalinib, uch oyda eplayman dedi», — dedi davlat rahbari.

Prezidentning ta’kidlashicha, Toshkent hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayev Sarvar Maxametovni maqtagan va unga «advokatlik qilgan».

«Chilonzorda nima o‘zgarganini televizorda chiqib aytishi kerak, odamlar aytishi kerak. Tushunarlimi yoki yo‘q? Menga birov maqtagani kerak emas, advokat bo‘lish kerak emas hech kimga», — dedi Shavkat Mirziyoyev poytaxt hokimiga ishora qilib.

Avgust oyida Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtning beshta tumani hokimlariga, jumladan, Chilonzor tumani rahbariga «pandemiya paytida aholidan kelib tushgan ko‘plab shikoyatlar va topshiriqlarning o‘z vaqtida bajarilmaganligi» uchun tanbeh bergan edi.

Sarvar Toshmatovich Maxametov Chilonzor tumanini 2018 yil oktyabr oyidan beri boshqarib kelmoqda.