10 yanvar kuni kechga yaqin Jizzax shahrining Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan 6 qavatli, 1−2 qavatlari savdo do‘koni, 3−6 qavatlari uyga mo‘ljallangan 240 kv.mlik bino qulab tushgan edi. Shu kuniyoq mazkur holatni o‘rganish maqsadida Hukumat komissiyasi tuzildi. 12 yanvar kuni Jizzax viloyati hokimligida komissiyaning to‘liq tarkibdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Dastlabki xabarlarda binoni «Chorvador-Qorako‘l-Baraka» MCHJ qurgani haqida so‘z yuritildi. «Gazeta.uz» Barakali Qorako’l Chorvador fermer xo‘jaligi haqida gap borayotganini aniqladi.

Jizzax viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mahmud Tursunov tahririyat muxbiri bilan suhbatda mazkur ma’lumotni tasdiqladi. U fermer xo‘jaligi «Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tgan"ini ta’kidladi. Qo‘y naslchiligi bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaligi turar-joy binolari qurilishi bilan shug‘ullanishga huquqi bor yoki yo‘qligiga oid savolga Mahmud Tursunov agar ushbu yo‘nalish fermer xo‘jalik nizomida ko‘rsatilgan bo‘lsa, unda mumkin, deya javob berdi.

«Nizomni ko‘rib chiqishga vaqtimiz yo‘q edi, chunki biz hozirgi paytda halokat sodir bo‘lgan hududni tozalayapmiz. Hozircha hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun vaqt bo‘lmadi, lekin Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tgan», — deya ta’kidladi u.

Maxmud Tursunov, shuningdek, hozircha fermer xo‘jaligi avval qurilish ishlari bilan shug‘ullangani haqida biror ma’lumotga ega emasligini ham tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu dalillarni o‘rganish uning vazifasiga kirmaydi — bu bilan huquqni muhofaza qilish organlari shug‘ullanadi.

Foto: O‘zA.

Bundan tashqari, 11 yanvar kuni Jizzax shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan maxsus komissiya yig‘ilish o‘tkazgan. O‘zAning xabar berishicha, komissiya raisi, Jizzax shahar hokimi Akbar Shukurov shaharning «Zilol» mahallasi, Mustaqillik ko‘chasida joylashgan bino inshoot va egallagan yer maydoni Barakali Qorako’l Chorvador fermer xo‘jaligi mulki sifatida 2019 yil 22 aprelda 18365-son reyestr bilan davlat kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilganini ta’kidlagan.

Jizzax shahar hokimining 2019 yil 17 sentyabrdagi qarori bilan binoni buzib, o‘rnida birinchi qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, yuqori qavatlari turar joy binosi sifatida qayta qurishga ruxsat berilgan. Jizzax viloyati qurilish bosh boshqarmasi arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (ART I-II) hujjatlari ishlab chiqilgan.

Discovery architects group MCHJ loyiha tashkiloti tomonidan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, «Shaharsozlik ekspertizasi» davlat unitar korxonasi Jizzax viloyati filialining xulosasi olingan va viloyat qurilish sohasida nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan hamda ular ham ruxsatnoma bergan.

Ta’kidlanishicha, qurilishning byurtmachisi ham, pudratchisi uning egasi ya’ni — Barakali Qorako’l Chorvador fermer xo‘jaligining o‘zi bo‘lgan. «Hozircha savollar ko‘p. Savollarga fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchi Akmal Boboyev: — Shukur, hodisa, dam olish kuni sodir bo‘lgani uchun odamlar jabrlanmadi, — deb javob berdi», deyiladi xabarda.

Barakali Qorako'l Chorvador

Manba: Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, fermer xo‘jaliri 2017 yilning avgustida ro‘yxatdan o‘tgan. Forish tumani «Darvoza» MFY hududida — qorako‘l qo‘y zoti naslchiligi bilan shug‘ullanadi. Barakali Qorako’l Chorvador`ning yagona rahbari va ta’sischisi Abdullaxakimov Jahongir Shuhrat o‘g‘li hisoblanadi.

«Gazeta.uz» muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida fermer xo‘jalik rahbari bilan bog‘landi. Muxbir uning oldin ham qurilish bilan shug‘ullangan yoki yo‘qligi bilan qiziqdi. Abdullaxakimov «binoni o‘zi men qurmaganman», deya javob berdi.

«Qurilish qilmoqchi bo‘lganman, qimmat bo‘lgani sababli «uni qilolmas ekanman», deganman. Keyin, 2020 yil aprel oyida fuqaro Abdurahim Boboyevga o‘tkazilgan mulk huquqi. Noldan qurgan odam shu kishi. Bugun (11 yanvar) tergovchiga borib uchrashib, hamma hujjatlarni taqdim qildim. Tushuntirish xati yozib berdim, bu narsaga meni umuman aloqam yo‘qligini aytdim. Boshida ikki qavatli do‘konlarni davom ettirmoqchi edim. Bu yo‘lni usti, ikki qavatli bino bo‘lsa «snos»ga tushadi, degan gap bo‘lganidan keyin, ko‘p qavatli quraman deb, Jizzax shahar hokimiyatiga ariza beruvdim. Lekin unga kuchim yetmadi, qilolmadim. Abdurahim Boboyevga hamma hujjatlarni topshirib yuborganman. Ko‘chmas mulkni kelgusida qurilish bilan shug‘ullanish uchun bermaganman, qurilish qilolmayman deb, ko‘chmas mulkni sotganman. Men uni begonalashtirdim, keyin umuman aralashmadim», — dedi Jahongir Abdullaxakimov.

O‘zA xabarida fermer xo‘jalik ish boshqaruvchisi Akmal Boboyev haqida ham ma’lumotlar keltirilgan edi. Jahongir Abdullaxakimovning aytishicha, u ko‘chmas mulkni sotib olgan Abdurahim Boboyevning o‘g‘li hisoblanadi va fermer xo‘jalikka umuman aloqasi yo‘q.

U shuningdek, Abdurahim Boboyev telefon raqami va uning kompaniyasi haqida hech nima bilmasligini aytdi. Qolaversa, bu ish bilan shahar prokuraturasida tergovchi Tolmas Rahmonov shug‘ullanayotganini qo‘shimcha qilgan. Tergovchi «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani va hech qanday axborot bera olmasligini qayd etdi.

Jizzax shahri bosh arxitektori Vohidjon Mirzayev «Zamon» axborot dasturiga bergan intervyusida 6 qavatli bino qurishga ruxsat berilmaganini aytmoqda.

Foto: «Zamon» axborot dasturi lavhasidan.

«Tasdiqlangan loyihaga asosan uch qavatli qilib belgilangan, hozirgi holati esa 6 qavatli qurilgan. Yuqori qavatda haqiqatdan ham juda og‘ir konstruksiyalardan foydalanib, pastki qavatlariga zarar yetkazgan. Hozir tegishli mutaxassislar o‘rganayapti. Binoni konstruktiv holatiga qarab keyingi xulosalar beriladi. Lekin 6 qavatli qilib tasdiqlanmagan. Orqa tarafdagi binolar esa o‘tmagan tasdiqdan. Tashqi tarafi o‘zboshimchalik bilan qurilgan. Noqonuniy qurilish hisoblanadi, orqa qavatlariga ruxsat berilmagan», — dedi u.

Vohidjon Mirzayev qulagan uyning orqasidagi binolarning fundamentiga ham jiddiy zarar yetkazilganini qo‘shimcha qildi.

Jizzax shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Munir Jumanov orqadagi bino qulashi xavfi mavjudligi bois favqulodda holatlarda odamlarning hayotiga xavf yetmasligi uchun hozirda mazkur bino atrofida harakat cheklangani va o‘rab qo‘yilganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, u mazkur bino qurilishi 2020 yil mart oyida boshlangani va dekabrda vaqtinchalik to‘xtatilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 25 dekabr kunidan beri binoda hech kim bo‘lmagan. Voqea natijasida jabrlangan yoki halok bo‘lganlar yo‘q.

«Gazeta.uz»ga Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatining xabar berishicha, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi Hukumat komissiyasi 12 yanvar kuni Jizzax viloyati hokimligi binosida yig‘ilish o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Unda komissiya Jizzax shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binosining qulashi sabablarini o‘rganish hamda kelgusida shu kabi holatlarning oldini olish masalalarini ko‘rib chiqadi. Yig‘ilishda, shuningdek, komissiya a’zolari hamda tegishli vazirlik va idoralar xodimlari qatnashishi belgilangan.