8 yanvar kuni Ozodbek Nazarbekov AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani davomida 2019 yilda madaniy meros obyektlari o‘tkazilgan xatlovda qator kamchilik va xatolarga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi.

“2019 yilda mahalliy hokimiyatlar va hududlardagi madaniy meros departamentlari xodimlari hamkorlikda xatlovdan o‘tkazgan. Ikki yil oldin xatlovdan o‘tkazilgan bo‘lsada, lekin ayrim ro‘yxatda turgan madaniy meros obyektlarini o‘zi yo‘q. Ya’ni, bizni qadamimiz yetib bora olmayotgan bir vaziyatda, hudud hokimiyatlari tomonidan ko‘r-ko‘rona ro‘yxat berishlar yoki 20 yil oldingi ro‘yxatini sandig‘idan olib, bizga shuni taqdim qilgan holatlar kelib chiqyapti. Ya’ni, bizda ro‘yxatda turibdi, lekin aslida o‘sha obyekt o‘zi allaqachon yo‘q yoki umuman bir tepalik bo‘lgan”, — dedi Nazarbekov.

Madaniyat vaziri madaniyat obyektlari qayta xatlovdan o‘tkazilib, har bir ob’ektni pasporti va kadastri shakllantirilishi qo‘shimcha qildi. Ta’kidlanishicha, bosh vazir topshirig‘i bilan alohida portal yaratiladi va unda obyektlarning doimiy ro‘yxati keng jamoatchilikka e’lon qilib boriladi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” Madaniyat vaziri mahalliy hokimiyatlar 32 ta madaniyat obyektini balansiga o‘tkazib, sotib yuborganini ta’kidlagani haqida yozgan edi. bundan tashqari, madaniyat obyektlarining bo‘sh turgan maydonlari tadbirkorlarga berilishi ham qayd etilgan edi.