6-yanvar kuni Oliy Majlis Senatining 11-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun muhokama qilindi va ma’qullandi.

Qonunga asosan sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta ko‘rib chiqish tartibini ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish, fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida sud tizimida 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

Viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar (14 ta) umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi.

Ma’muriy tartib taomillar va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlari tashkil etiladi, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatiladi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinishi nazarda tutilgan.

Sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 107-moddasiga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.