Navoiy viloyati IIB YHXB xabar berishicha, 3 yanvar kuni soat 15:35larda Tomdi tumanida 1991 yilda tug‘ilgan haydovchi M.O. «Matiz» rusumli avtomashinasida «Utamurot-Tomdi» yo‘nalishi bo‘ylab xarakatlanib kelgan. Tezlikni me’yoridan oshirishi natijasida avtomashina o‘z harakat yo‘nalishiga nisbatan yo‘lning o‘ng tomon cho‘l hududiga chiqib ketib, ag‘darilib, YTH sodir etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida haydovchi bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi tan jarohatlari olib, Tomdi tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1991 yilda tug‘ilgan S.K. esa olgan og‘ir tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgani ma’lum qilindi.

Mazkur holat yuzasidan Tomdi tuman IIB tomonidan fuqaro M.O.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov-surishturuv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.