O‘zbekiston prezidentning rasmiy veb-sayti president.uz yangi dizaynda ishga tushirildi. Yangi sayt 1 yanvardan test rejimida ishlay boshladi. Uning bundan oldingi versiyasi 2017 yilda ishga tushirilgan edi. Bu haqda davlat rahabrining matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Yangi saytda «Prezident Administratsiyasi» bo‘limi ochilgan. Unda prezident maslahatchilari, Prezident Administratsiyasining asosiy vazifalari, Prezident Administratsiyasining Ijro etuvchi apparati rahbariyati, prezident va Administratsiya huzuridagi tashkilotlari to‘g‘risida umumiy ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.


Bosh sahifada prezident Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy akkauntlariga havolalar yaqqol ko‘rinadigan tarzda joylashtirilgan. Shuningdek, har bir yangilikni ijtimoiy tarmoqlarda ulashish imkoniyati yaratilgan.

Saytning interfaolligini oshirish maqsadida yangi funksiyalar joriy etilgan. Masalan, davlat rahbarining «Facebook» va «Twitter» ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga vidjetlar o‘rnatilgan. Ya’ni, ushbu sahifalarni «Facebook» va «Twitter»ga o‘tmasdan turib, saytning o‘zida ko‘rish mumkin.

Saytning bosh sahifasida dunyo va O‘zbekiston xaritasi joylashtirilgan. Bu funksiya yordamida prezidentning xorijga va mamlakatimiz hududlariga tashriflari haqidagi axborotlarni xarita orqali topish mumkin.


«Mediateka» bo‘limi fotosuratlar bilan boyitilib, foydalanuvchilarga qulay bo‘lishi uchun «Majlis va marosimlar», «Xorijga tashriflar», «Qabullar», «Hududlarga tashriflar», «Portretlar» kabi toifalarga ajratilgan.

Saytga Videogalereya bo‘limi ham qo‘shilgan. Unda prezident faoliyatiga oid film va videolavhalar veb-saytning o‘zida to‘rtta kategoriya bo‘yicha «TAS-IX» tarmog‘ida joylashtirib boriladi.

Hujjatlar bo‘limida yangi «Infografika» sahifasi ham tashkil etilgan.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi» portaliga o‘tish, Xalq qabulxonalarining aloqa ma’lumotlarini izlash kabi qulayliklar bor.