O‘zbekiston prezidentining Oliy Majlisga murojaat qilish an’anasi dastlab 2017 yil dekabr oyida joriy etilgan.

O‘zbekiston prezidenti o‘z murojaatida odatda o‘tgan yilni sarhisob qiladi va yaqin kelajakda respublikani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tadi.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari tomonidan oxirgi 3 yilda qilingan murojaatlarning lingvistik va kontent tahlili amalga oshirilib, ularni tasviriy ifodalovchi so‘zlar jamlanmasi tuzildi.

Matnlar tahlili natijasida quyidagilar aniqlandi:

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yildagi murojatnomasida jami 4004 xil so‘zdan foydalanilgan bo‘lib, davlat rahbari eng ko‘p «xalq», «tadbirkor», va «yurt» so‘zlaridan foydalangan (1-rasm).


1-rasm. Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda Oliy Majlisga qilgan murojaatida eng ko‘p foydalanilgan so‘zlar jamlanmasi.

Ma’lumot uchun: Markaz hodimlari tomonidan so‘nggi 3 yildagi murojaatlarda eng ko‘p ishlatilgan 40 ta so‘z tahlil qilindi. Bunda so‘zlar tahlil qilinayotgan matn ichida qancha ko‘p ishlatilgan bo‘lsa, tasvirda shuncha katta ko‘rinadi.

2017 yildagi murojaatda «Xalq» so‘zidan 52 marotaba foydalanilgan bo‘lsa, «tadbirkor"lik sohasiga 39 marotaba urg‘u berilgan. Shuningdek «Yurt» va unga bog‘liq so‘z atamalariga 32 marotaba murojaat qilingan.

Xususan, «Tadbirkor» so‘zi «kichik biznes va xususiy tadbirkorlik», «tadbirkorlar va investorlar», «tadbirkorlarga ruxsat beruvchi xujjatlarni rasmiylashtirish», «tadbirkorlar xuquqlarini ximoya qilish» kabi kontekstlarda foydalanilgan (2-rasm).


2-rasm. Eng ko‘p foydalanilgan so‘zlar bo‘yicha individual tahlil

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, murojaaatnomada 50% urg‘u iqtisodiyotni rivojlantirish va liberalizatsiya qilish sohasiga yo‘naltirilgan bo‘lsa, 23% davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga doir masalalarga qaratilgan. Bundan tashqari, ijtimoiy sohani rivojlantirishga taaluqli masalalar umumiy murojatnomaning 11 foizini, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud tizimini isloh qilish, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik kabi masalalar esa umumiy nutqning 8 foizini tashkil etgan (3-rasm).


3-rasm. 2017 yilgi murojaatning yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimoti.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yilda Oliy Majlisga murojatnomasida jami 2860 turdagi so‘zlardan foydalanilgan bo‘lib, ular orasida «islohot», «investitsiya» va «iqtisodiyot» so‘zlariga eng ko‘p murojaat qilingan (4-rasm).


4-rasm. Shavkat Mirziyoyevning 2018 yilda Oliy Majlisga qilgan murojaatida eng ko‘p foydalanilgan so‘zlar jamlanmasi.

Xususan, mazkur yildagi murojaatda «iqtisodiyot» (35 marotaba) «investitsiya» (26 marotaba) va «islohat» (24 marotaba) so‘zlariga katta urg‘u berilgan.

Bundan tashqari davlat rahbari «ta’lim»ga oid so‘zlarni 22 marotaba, «bank» va «ijtimoiy» so‘ziga oid so‘zlarni esa 18 marotaba talaffuz qilgan.

2018 yildagi murojaatnomada «iqtisodiyot» so‘zi ko‘p hollarda «yashirin iqtisodiyot», «raqamli iqtisodiyot», «iqtisodiyot barqarorligi», «iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish» kabi kontekstlarda aks ettirilgan (5-rasm).


5-rasm. Eng ko‘p foydalanilgan so‘zlar bo‘yicha individual tahlil

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, 2018 yildagi murojaaatda 50% urg‘u iqtisodiyotni rivojlantirish va liberalizatsiya qilish sohasiga, 20% davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga doir masalalarga yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, ijtimoiy sohani rivojlantirishga taaluqli masalalar umumiy murojaatnomaning 15 foizini, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud tizimini isloh qilish, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik kabi masalalar esa umumiy nutqning 7,5 foizini tashkil etgan (6-rasm).


6-rasm. 2018 yilgi murojaatning yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimoti.

Davlat rahbarining 2019 yildagi murojaati jami 3450 turdagi so‘zlardan tuzilgan bo‘lib, eng ko‘p foydalanilgan so‘zlar «tadbirkor», «ijtimoiy» va «ilm» so‘zlari hisoblanadi (7-rasm).


7-rasm. Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilda Oliy Majlisga qilgan murojaatida eng ko‘p foydalanilgan so‘zlar jamlanmasi.

Xozirga qadar qilingan so‘nggi murojaatnomada «tadbirkor"likka oid so‘zlarga 32 marotaba urg‘u berilgan bo‘lsa, «ijtimoiy» masalalar va «ilm» yo‘nalishlari 24 marotaba ta’kidlab o‘tilgan.

Shuningdek, «ta’lim», «sud xokimiyati», «islohat», «xalq va jamiyat» va «xorijiy» so‘zlaridan ham ko‘p qo‘llanilgan.

Xususan, «ijtimoiy» so‘zi asosan «aholining ijtimoiy himoyasi», «ijtimoiy yordam», «ijtimoiy siyosat» va «ijtimoiy muammolarni hal etish» kabi kontekstlarda namoyon bo‘lgan (8-rasm).


8-rasm. Eng ko‘p foydalanilgan so‘zlar bo‘yicha individual tahlil.

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, mazkur murojaatda 56% urg‘u iqtisodiyotni rivojlantirish va liberalizatsiya qilish sohasiga, 13% davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga doir masalalarga qaratilgan. Bundan tashqari, ijtimoiy sohani rivojlantirishga taluqli masalalar, umumiy murojatnomaning 19%, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud tizimini isloh qilish, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik kabi masalalar esa umumiy nutqning 6 foizini tashkil etgan (9-rasm).


9-rasm. 2019 yilgi murojaatning yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimoti.

So‘nggi uch yilda qilingan murojaatlarning umumiy tahlili shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy yordam, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, halq farovonligini oshirish, yurt tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlash kabi masalalar har yilgi murojaatnomalarning ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Xususan, ijtimoiy sohaga bo‘lgan urg‘u yildan-yilga kuchayib bormoqda. Mazkur sohaga oid so‘zlar 2017 yildagi nutqning 11 foizga teng bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2019 yilga kelib 19 foizga yetgan.

Mualliflar fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Hasan Majidov va Malika Jumaniyozova — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi.