Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha 21 dekabrda o‘tkazilgan komissiya majlisida 2020 yilning dekabr oyiga qadar reabilitatsiya markazlari tomonidan 5 876 nafar ayolga yordam ko‘rsatilgan. Bu haqda komissiya raisi Tanzila Norboyeva ma’lum qildi, deya xabar berdi Daryo.

Tanzila Norboyevaning aytishicha, yanvar-noyabr oyida himoya orderi olgan ayollarning deyarli 10 ming nafari oilaviy tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan.

«O‘tgan 11 oy davomida ichki ishlar organlari tomonidan turli tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 11 138 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan. Ularning 9 916 nafari yoki 89 foizi oilada tazyiq va zo‘ravonlikka duch kelgan. Bu kabi holatlar gender masalasiga oid xalqaro reytinglarimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlarning barchasi xalqaro miqyosda tahlil qilinadi. Lekin har doim ta’kidlaganimdek, biz reyting uchun emas, asosan, ayollarimiz manfaati, tinch-xotirjamligi va oilalarimiz mustahkam bo‘lishi uchun kurashamiz», — dedi u.