Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2021 yil yakuniga qadar poytaxtdagi barcha buzilgan ko‘chmas mulklar uchun kompensatsiyalar to‘liq to‘lab berilishini ma’lum qildi. Bu haqda hokim shanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yili hokimiyat 2005 yildan buzilgan ko‘chmas mulklar egalariga pul to‘lab bergan.

“O‘zbekiston tarixida bir yilda buncha kompensatsiya to‘lab berilmagan… Bu yil juda katta miqdorda — 700−800 mlrd so‘m pul va yer ko‘rinishida “snos"ga (kompensatsiya to‘lashga) ketdi. Bizning hisoblarimiz bor, oldimizga qo‘ygan maqsad 2021 yilda 2005 yildan buzilgan binolar uchun hech kim to‘lovsiz qolmaydi. Lekin, adolatli, sudning qarori bo‘lsa, narxlar tafovuti to‘g‘ri bo‘lgan bo‘lsa, birortasi qolmaydi. Pul bera olmasak, yer ko‘rinishida beramiz, yer bera olmasak, boshqa yo‘l bilan to‘lab beramiz”, — deya ta’kidladi shahar hokimi.

Uning aytishicha, hozirda davlat ehtiyojlari uchun mulkni buzishdan oldin birinchi navbatda belgilangan kompensatsiya to‘lab berilmoqda.

“Agar bundan keyin davlat ehtiyojlari uchun (ko‘chmas mulk — tahr.) buziladigan bo‘lsa, kerakli kompensatsiya uchun qo‘limizda pulimiz yoki yerimiz bo‘lgandan keyin egasining roziligi bilan buzishga qaror qilamiz. Oldingidagidek ishlar qilmaslikka biz harakat qilamiz va oldimizga shuni prinsipial maqsad qilib qo‘ydik”, — dedi Ortiqxo‘jayev.

Xokimiyatlar kompensatsiya to‘lovlarini moliyalashtirish manbaini aniqlamay turib uy-joy va boshqa ob’ektlarni buzib tashlagani uchun bir necha bor tanqid ostiga olingan edi.

Yaqinda moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Haydarov bilan uchrashuvda Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev nima uchun 2021 yilgi davlat byudjeti лойиҳасида Vazirlar Mahkamasining davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armasiga atigi 150 mlrd so‘m ajratilishi belgilangani haqida savol bilan murojaat qilgan edi.

“Bu summa qayerdan kelib chiqdi? Sababi amaldagi real ehtiyojga qaraganda juda ham kam summa qo‘yilgan. Masalan, Toshkent viloyatining bitta tumanining o‘zida bilaman, 100 mlrd atrofida qarzdorlik bor. Haligacha qoplab berilmagan. Joyini buzishga buzib tashlab, hali ham, mana, yotibdi. Na bu joyini ishlata oladi, tadbirkorlik ham to‘xtab qolgan. Bu yerdagi raqam respublika bo‘yicha ikkita yoki uchta tumanni qoplaydi. Hokimiyatlar bilan qanchadan beri baxslashamiz, „byudjetda pulimiz yo‘q“, deyapti, lekin joyini buzib bo‘lgan. Lekin joyini buzib bo‘lgan”, — dedi Rasul Kusherbayev.

Moliya vaziri o‘rinbosari 2020 yilning yanvar oyidan boshlab yer uchastkalarini olib qo‘yishning yangi тартиби kuchga kirgani, unga ko‘ra, kelishilgan tovon puli to‘lanmasdan ko‘chmas mulkni buzishga yo‘l qo‘yilmasligini eslatib o‘tgan edi.