19 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisida tuhmat va haqorat qilish holatlari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazoni yengillashtiruvchi qonun ma’qullandi. Unga ko‘ra, ushbu jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo bekor qilinmoqda. Parlament yuqori palatasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘zgarishlar jamiyatda oshkoralik darajasini oshirishga hissa qo‘shishi kerak. Shu bilan birga, yolg‘on axorotni tarqatganlik uchun yuridik javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

Senatning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Jinoyat kodeksining 139-moddasiga (Tuhmat) kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq, nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish — bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Ilgari ushbu jinoyatni sodir etganlik uchun 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham belgilangan edi.

Tuhmat og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda, xavfli retsidivist tomonidan g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa — BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Avvalgi talqinda 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan edi.

Senat tuhmat va haqorat uchun javobgarlikni yumshatish bo‘yicha tavsiyalar ilgari BMT, YeXHT va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) tomonidan taklif etilganini eslatdi. Prezidentning 2019 yil 13 dekabrdagi farmoni bilan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq choralarni bekor qilish bo‘ycha takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilgan edi.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 202−2-modda («Yolg‘on axborot tarqatish») bilan to‘ldirildi. Unga muvofiq, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish — BHMning 50 miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish — BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksi esa 244−6-modda («Yolg‘on axborot tarqatish») bilan to‘ldirilmoqda. Ushbu moddaga ko‘ra, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa — BHMning 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, ushbu Kodeksning 244−1-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa — BHMning 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Yuqorida nazarda tutilgan harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa — BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima solish yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Agar ommaviy tadbirlar jarayonida yoki favqulodda vaziyat holatida, juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan holda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa — BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Ushbu qonun kuchga kirishi uchun O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolanishi lozim.