Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jinoyat ishi yuzasidan sud jarayonlarida uning ko‘rsatmasi tinglandi. Uning advokati Xushnud Ahrorovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Yo‘ldosheva marhum Farrux Rustamovning o‘limiga aloqasi yo‘qligini aytgan.

«Avvalgi sud majlislarida ayblanuvchi sifatida ishtirok etayotgan boshqa shifokorlar ham Guljahon Yo‘ldosheva marhumning boshqa shifoxonaga ko‘chirilishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashmaganini aytishgan edi. O‘tgan galgi sudda Yo‘ldosheva mahrumning ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilishida umuman ishtirok etmagani va u vaqtda Toshkent viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘lmaganini ma’lum qildi», — dedi advokat Ahrorov.

Yo‘ldoshevaning advokati u ushbu ayblov sabab bir oydan oshiq vaqt davomida qamoqda yotganini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, Guljahon Yo‘ldosheva va yana to‘rt nafar shaxsga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud 27 noyabrda boshlangan edi. Sud Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasini o‘zgartirishni rad etgan edi.

Ma’lumot uchun, 10 avgust kuni fuqaro Sh. Minbayev Chirchiq prokuraturasiga qarindoshi F.Rustamov 1 avgust kuni Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilishi oqibatida 2 sentyabr kuni sog‘lig‘i yomonlashib vafot etganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng, Toshkent viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva 250 mln so‘mdan ziyod mablag‘larni talon-toroj qilish hamda mansabga sovuqqonlik bilan qarash ayblari bilan qamoqqa olingandi. U 8 sentyabr kuni Chirchiqdagi go‘zallik salonida qo‘lga olingan. Saida Mirziyoyeva Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jazo chorasini o‘zgartirishni so‘ragach, u uy qamog‘iga o‘tkazildi. O‘shanda xuddi shunday so‘rov Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham bildirilgan edi.