Navoiy viloyatida 2019−2020 yilgi ov mavsumida ruxsat berilgan kvotadan tashqari jami 13 ming (quyon, g‘oz, o‘rdak va boshqa.) boshdan ortiq yovvoyi hayvonlar noqonuniy ovlanishiga imkoniyat yaratildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Bundan tashqari, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish Navoiy viloyati boshqarmasi mansabdor shaxslari 2019 yilgi ov mavsumida 1 707 holatda ovchilar tomonidan noqonuniy ov amalga oshirilganligi bo‘yicha o‘z vaqtida ma’muriy choralar qo‘llamaganligi aniqlandi.

Natijada 1,9 mlrd so‘mlik jarimalar byudjetga undirilmasdan, davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.