8 dekabr kuni Yevropa Chempionlar Ligasi doirasidagi «Pari Sen-Jermen» — «Istanbul Bashakshexir» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 14-daqiqada to‘xtatib qo‘yildi.

Bunga sabab, ruminiyalik to‘rtinchi hakam Sebastyan Kolteskuning turk jamoasi bosh murabbiysi assistenti Per Veboni «qora yigit» deb atagani bo‘ldi.

Turk jamoasi norozilik izhor etish maqsadida maydonni tark etdi, keyin fransuzlar ham o‘yinni ushbu hakam bilan davom ettirmasligini bildirib, maydondan chiqib ketishdi.

Uchrashuvning qolgan qismi bugun boshqa hakamlar brigadasi ishtirokida soat 22:55 da (Toshkent vaqti bilan) davom ettirilishi kutilmoqda.

UEFA ushbu vaziyat yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borishini ma’lum qildi.