Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati quritilgan o‘rik partiyasida xavfli zararkunanda — kapr qo‘ng‘iz aniqlangani sababli O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan barcha o‘simlik mahsulotlarini olib kirishga taqiq joriy qildi, deb xabar berdi «Rosselxoznadzor» matbuot xizmati.

7 dekabr kuni onlayn muzokaralar chog‘ida Rossiya va O‘zbekiston mahkamalari «Rosselxoznadzor» tomonidan quritilgan o‘rikni (1 tonna) karantinli fitosanitariya nazoratidan o‘tkazish vaqtida Rossiya va Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun karantin ob’ekti hisoblangan kapr qo‘ng‘izi (Trogoderma granarium Ev.) aniqlangani masalasi muhokama qilindi. Farg‘ona viloyatidan yetkazib berilgan mahsulotlarning har bir kilogramida 2 dona miqdorida mazkur zararkunandaning aniqlanishi ushbu partiyaning jiddiy zararlanganidan dalolat beradi, deb ta’kidlaydi rus nazorat organi.

O‘zbekistondan olib kelingan quritilgan mevalar kapr qo‘ng‘izidan zarar ko‘rgan. Surat: «Rosselxoznadzor».

«Kapr qo‘ng‘izi katta miqdorda zarar yetkazuvchi hasharot hisoblanadi. Uning mamlakat hududiga tarqalishi o‘simlik mahsulotlari, shu jumladan g‘allaga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shu jumladan, bu Rossiyaning eksport salohiyatiga ta’sir qilishi mumkin. Shu munosabat bilan „Rosselxoznadzor“ barcha karantinosti mahsulotlarni O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan olib kirishni taqiqlashga majbur bo‘lmoqda», — deyiladi xabarda.

«Rosselxoznadzor» ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tegishli idoralari Rossiya vakolatli organiga karantin ob’ekti topilgan, nazorat ostidagi tovarlar saqlanadigan omborlarni tekshirish bayonnomalarini yuboradi.

Trogoderma granarium Ev. hasharotining Rossiyaga hududiga olib kirilishidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zarar Rossiyaga faqatgina tovar mahsulotlarini aniqlash va yo‘q qilishning o‘zi uchun yiliga 5 milliard rubldan (68,1 million dollar) ko‘proqqa tushishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 4 dekabr kuni «O‘zdavkarantin» matbuot xizmati Rossiya tomonidan yuborilgan fotosuratlar Markaziy karantin laboratoriyasi xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilgani, tekshiruvlarda ko‘rsatilgan ob’ektning kapr qo‘ng‘iz emas, balki Markaziy Osiyo va Rossiyada uchrab turadigan qo‘ng‘izlarning boshqa turi (Trogoderma) ekani aniqlanganini ma’lum qilgan edi.

Onlayn muzokaralar davomida Rossiya Federatsiyasi tomonidan quritilgan o‘rik mahsuloti uchun taqiq qo‘yilmaslikka kelishilib, faqatgina mahsulot yuklangan eksporter korxonaga nisbatan fitosanitar choralar ko‘rilishi haqida kelishuvga erishildi.