Oktabr boshida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining uch nafar sudyasi Toshkentga kelib, mast holda YPX xodimlari bilan janjallashib, ulardan biriga tan jarohati yetkazishgan edi. “Gazeta.uz” manbasining xabar berishicha, ikki nafar sudya jamiyatda yurish-turish odobiga rioya etmagani uchun ishdan bo‘shatilgan, yana bir nafariga nisbatan xayfsan berilgan.

Mazkur holat bo‘yicha Repost.uz nashri ham yozgan edi. Nashr o‘shanda sudyalarni ikki nafarligini ma’lum qilgan. “Gazeta.uz"ga ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatining uch nafar sudyasi Parkent tumanidan poytaxtning “Ulfatlar” kafesiga kelib, alkogol iste’mol qilishgan. Ortga qaytishda esa YPX inspektorlari to‘xtatib, mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bunga qarshilik ko‘rsatib, ikki nafar sudya YPX xodimining biriga tan jarohati yetkazadi. Bu vaqtda uchinchi sudya o‘ziga muammo orttirmaslik nuqtai nazaridan voqea joyidan ketib qoladi.

Ushbu voqealar rivojini “Gazeta.uz” manbasi ham tasdiqladi. 7-oktabr holatiga Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudyalarining ikki nafari “Sudyalarning odob-axloq kodeksi” talablariga ga rioya etmagani uchun vakolati muddatidan ilgari tugatilgan. Voqeaga aloqador bo‘lgan uchinchi sudyaga nisbatan esa sheriklarini to‘g‘ri yo‘lga boshlamagani uchun intizomiy chora qo‘llanilgan.

30-noyabr kuni Oliy sudda o‘tkazilgan anjumanda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva ham mazkur holatga to‘xtalib o‘tdi.

“JIB Toshkent viloyati sudyalari spirtli ichimliklar iste’mol qilib, dam olishdan qaytayotganlarida Parkent tumani IIB YHHB xodimlari tomonidan sudya R. Q. avtomashinasi to‘xtatib tekshirilganda, uning mast holatda transport vositasini boshqarib kelayotgani aniqlangan. YHHB xodimi tomonidan ma’muriy bayonnoma ramiylashtirish jarayonida sudya R. T. unga qarshilik ko‘rsatib, uning xizmat kiyimini yirtib, yengil tan jarohati yetkazgan”, — dedi agentlik vakili.

Umida To‘xtasheva, shuningdek, agentlikka kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati sud qarorlari yuzasidan ekanini ma’lum qildi.

“Agentlik tashkil etilganidan beri bizga kelayotgan murojaatlarni tahlil qilganimizda, ularning eng ko‘p qismi, ya’ni 20 foizi sud qarorlari yuzasidan kelib tushganini ko‘rishimiz mumkin”, — dedi u.

O‘z navbatida, Oliy sud matbuot xizmati mazkur holatlarga aniqlik kiritish maqsadida joriy yilning 11 oyi mobaynida o‘zini munosib tutmagan sudyalarga nisbatan ko‘rilgan choralar haqida axborot berdi.

“Shu o‘rinda joriy yilning 11 oyi mobaynida haqiqatdan ham o‘z faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 27 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilganligi, shuningdek 8 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilganligi ma’lum qilinadi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq, “Gazeta.uz” avvalroq, Toshkent shahar ma’muriy sudi sudyalari va xodimlari shahar IIBB YHXB ma’muriy amaliyot bo‘limi xodimlari bilan jinoiy til biriktirib, 5 mingga yaqin soxta qaror chiqargani va 8 mlrd so‘m pul mablag‘larni talon-toroj qilganini ma’lum qilgan edi.