2021 yilning iyuniga qadar O‘zbekistonda aholining 60 foizini koronavirusdan emlashni rejalashtirlgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik farovonlik agentligi birinchi o‘rinbosari Botirjon Qurbonov «COVID-19 koronavirus infeksiyasi bo‘yicha yangi ilmiy ma’lumotlar» virtual simpoziumi paytida ma’lum qildi.

Agentlik rahbari o‘rinbosarining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistonda vaksinatsiyalash ishlarini tashkil etish bo‘yicha bir qancha tadbirlar amalga oshmoqda. «Hozir biz dunyoda kim birinchi bo‘lib ro‘yxatga olishini, ikkinchi navbatda esa kim o‘z vaksinasini sotishini kutmoqdamiz», — deya qo‘shimcha qildi Botirjon Qurbonov.

Agentlik rahbari o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston vaksinani sotib olish bo‘yicha xususiy sektorlar bilan muzokaradar olib bormoqda. «Vaksinani olishimiz bilan odamlarni emlaymiz», — deya aniqlik kiritdi Botirjon Qurbonov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX (koronavirusga qarshi vaksinalash) xalqaro mexanizmiga qo‘shilgan edi. Bundan tashqari, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abduraxmonov xabariga ko‘ra O‘zbekistonda Xitoy, Rossiya, Yevropa va AQSH vaksinalarini sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.