Qozog‘istonda koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasini ishlab chiqarish uchun zavod ochiladi. Bu haqda mamlakat prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ma’lum qildi.

Uning aytishicha, ushbu loyihaga sarmoyalarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar allaqachon boshlangan.

«Men Rossiya prezidenti bilan Rossiya vaksinalarini ishlab chiqaradigan zavod qurish to‘g‘risida kelishuvga erishdim. Hukumat allaqachon ushbu zarur loyihaga sarmoya jalb qilish bo‘yicha muzokaralarni boshladi», — dedi Toqayev.

Uning ma’lum qilishicha, hozirda eng muhim vazifa — Qozog‘iston vaksinasini ishlab chiqarishni kechiktirmasdan yo‘lga qo‘yish, vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish va zavod qurilishini yakunlash.

Avgust oyida Rossiya «Sputnik V» dunyodagi birinchi koronavirusga qarshi vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazdi. Uning tarkibida COVID-19 komponentlari mavjud emas va inson adenovirusiga asoslangan. Ushbu vaksina orqali bemor ikki bosqichda emlanadi. Vaksina fuqarolik muomalasiga 2021 yil 1 yanvardan chiqarilishi rejalashtirilgan.