Sog‘liqni saqlash vazirligining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasi odatdagi ish rejimiga qaytdi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Koronavirus O‘zbekistonda ilk bor ro‘yxatga olingan 15 mart kunidan boshlab tibbiyot muassasasi COVID-19 bemorlarini davolash uchun qayta jihozlangan edi. Kasallik darajasi pasayganligi sababli, noyabr oyining boshidan boshlab klinika asosiy ish faoliyatiga qaytdi.

200 o‘rinli shifoxona surunkali gepatit, jigar sirrozi va boshqa yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, kasalxonada kuniga 250 ta qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan poliklinika ham mavjud.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek, epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti klinikasi ham odatiy ish holatiga qaytganini, koronavirusdan tashqari boshqa yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlarga ham tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini ta’kidladi.

Vazirlik matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga tushuntirishicha, hozirda «O‘zekspomarkaz»dagi saralash va taqsimlash markazi hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonalari COVID-19 bilan kasallangan bemorlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarini davom ettirmoqda. Iyul oyi o‘rtalarida 16 ta klinikada koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar davolanayotgani, shu jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikalari, Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tadqiqot instituti, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Epidemiologiya ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa tibbiy markazlarda yordam ko‘rsatilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Iyul oyi boshida Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori va Sog‘liqni saqlash vazirligining yuqumli kasalliklar bo‘yicha bosh mutaxassisi Erkin Musaboyev «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida kasalxonalarni qayta jihozlash bilvosita qurbonlarning ko‘payishiga olib kelishini aytgan edi.

«Bilasizki, to‘rtinchi oy davomida bizning klinikamiz karantinga yopilgan. Bir yilda jigar sirrozi bilan og‘rigan 3000 nafar bemorni qabul qilsak, demak hozirgacha bizning ixtisoslashgan bo‘limimiz butun respublika bo‘ylab deyarli 1000 nafar bemorni qabul qila olmadi. O‘rtacha 1000 nafar bemor shu payt davomida davolana olmadi. Men taxmin qilishimcha, shu vaqt ichida 200 ga yaqin bemor COVID-19dan emas, balki sirrozdan vafot etdi», — dedi mutaxassis.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi bo‘yicha o‘lim holatlari soni so‘nggi to‘rt yilga nisbatan O‘zbekistonda 26,4%ga, Toshkentda deyarli 166%ga, Toshkent viloyatida 43,8%ga, Navoiy viloyatida 51,7%ga o‘sdi.