Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hozirga qadar amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Unda qayd etilishicha, agentlik tashkil etilgandan buyon joriy yilning 1 noyabrga qadar 275 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 243 tasi (88,4%) belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan.

Ta’kidlanishicha, murojaatlar sud qarorlaridan noroziliklar (20,4%), mahalliy hokimliklar mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari va qarorlaridan noroziliklar (7,6%), yer maydoni ajratilmayotganligi, yer nizolari va yer maydonlari talon-taroj bo‘layotgani (6,2%), firibgarlik jinoyatlariga oid (5,5%), prokuratura qarorlaridan noroziliklar va prokuratura organlariga qilingan murojaatlar hal bo‘lmayotgani (5,1%), sog‘liqni saqlash sohasidagi qonunbuzilish holatlari va tibbiyot xodimlarining xatti-harakatlari (5,1%) va boshqalarga to‘g‘ri kelmoqda.

Agentlik murojaatlar yuzasidan olib borgan o‘rganishlari natijasida, ko‘p qavatli arzon uy-joylarga fotoelektr tizimini o‘rnatish bo‘yicha tender savdolarini tashkil etishda qoidabuzilish holatlari qayd etilgan. Shu kabi quyosh fotoelektr tizimlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent va Namangan viloyatlarida qurilayotgan 528 ta xonadonga o‘rnatish belgilangan.

Aniqlanishicha, ko‘p qavatli arzon uy-joylarga fotoelektr tizimini o‘rnatish ishlarini bajarish bo‘yicha pudratchi tashkilotlarni tanlab olish jarayonlari, prezidentning 2019 yil 28 noyabrdagi «Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi [PF-5886] farmoni talablariga amal qilinmasdan tashkil etilgan.

«Shu munosabat bilan, Agentlik tomonidan mas’ul idoralarga taqdimnoma kiritildi. Natijada, „Qishloq qurilish invest“ IK» MCHJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari hududiy filiallari tomonidan quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha tanlov (tender) savdolari o‘tkazmasdan pudratchi tashkilotlar bilan oldin tuzilgan arzon uy-joylar qurilishi shartnomalariga qo‘shimcha kelishuvlar bekor qilinib, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tanlov savdolari qayta tashkil etildi", — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Buxoro shahrida yashovchi fuqaro murojaatida «DEVELOPMENT DREAM HOUSE» MCHJ tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmani bartaraf etish bo‘yicha sudning qarori ijro qilinmayotganidan norozi ekanini bildirgan. «DEVELOPMENT DREAM HOUSE» MCHJning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 232-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqida so‘rovnoma bosh prokuraturaga yuborilgan.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatida yashovchi tadbirkorning 400 mln so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rilmayotganligi va jinoyat ishi JPK ning 84-moddasi 1-qismi 1-bandga asosan, harakatdan tugatilganligidan noroziligini bildirgan. Jinoyat ishi hujjatlari agentlik tomonidan o‘rganib chiqilib, tergov bir tomonlama va to‘laqonli o‘tkazilmagani sababli, bosh prokuraturaga jinoyat ishini harakatdan tugatish haqida qarorni bekor qilish haqida taqdimnoma kiritildi.

Avvalroq, Toshkent shahar hokimligi huzurida 100 mlrd so‘mlik [$9,6 mln] raqamli situatsion markazini qurishni hukumat tender tanlovisiz amalga oshirishga ruxsat bergani haqida yozgan edik. Loyihaning bosh pudratchisi sifatida Power Construction Planet tanlangan.