Avtomobil yo‘llarini ta’mirlashga mas’ul shaxslarning e’tiborsizligi oqibatida 2019 yilda va 2020 yilning 8 oyi davomida 532 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 511 nafar fuqaro jarohatlangan va 191 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Bu haqda Senatning sakkizinchi yalpi majlisida Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov xabar berdi.

Majlisda ta’kidlanishicha, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan 2019 yilda tasdiqlangan yo‘l harakati xavfsizligi standartlari yuzaki ishlab chiqilgan. Jumladan, yo‘l belgilarining tartib raqamlari ham to‘g‘ri belgilanmagani, bu esa yo‘l harakatining asosiy va ustuvor qoidalaridan hisoblanishi ta’kidlab o‘tildi.

«Mazkur standartlar boshqa davlatlarning standartlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirib olingan. Oqibatda boshqa davlatlarning amaldagi yo‘l harakati qoidalaridagi mavjud yo‘l belgilari ushbu standartlarning ilovalariga ham kiritilgan. Vaholanki, mazkur yo‘l belgilari O‘zbekiston Respublikasi Yo‘l harakati qoidalarida mavjud emas», — deyiladi parlamentning yuqori palatasi xabarida.

«Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat ishtirokchilariga qulayliklar yaratish yuzasidan mahalliy hokimliklar hamda tegishli tashkilot va idoralarga 2017−2020 yillar davomida jami 6 709 ta taqdimnoma kiritilgan bo‘lsa-da, ularning 3 173 tasi yoki 45 foizi belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilmagan», — deya ta’kidladi Qutbiddin Burxonov.

Bu kabi kamchiliklar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini ta’minlamagan mutasaddilarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rishni taqozo etmoqda, deya ta’kidladi senator.

Senat xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida quyidagicha qarorlar qabul qildi.

  • Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan 2019 yilda tasdiqlangan yo‘l harakati xavfsizligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va standartlarni 2021 yil 15 yanvarga qadar takomillashtirish;
  • Avtomobil yo‘llarining nosozligi oqibatida sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha bir oy muddatda aniq
    chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;
  • Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan mutasaddi idoralar rahbarlariga kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddi xodimlarning mas’uliyatini oshirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rish;

Eslatib o‘tamiz, yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonda 4294 yo‘l-transport hodisasi qayd etildi, ulardan 1293 kishi halok bo‘ldi va 3886 kishi jarohat oldi.