19 oktyabr kuni «O‘zbekiston 24» telekanali Toshkent shahri va mamlakatning boshqa viloyatlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining pasayishi to‘g‘risida bir qator lavhalar taqdim etdi. Reportajlar prezident Shavkat Mirziyoyevning ichki bozordagi narxlarning barqarorligini saqlash bo‘yicha yig‘ilishdagi ko‘rsatmalaridan so‘ng ko‘rilgan chora-tadbirlarga bag‘ishlandi.

Telekanal muxbiri Durbek Rahmonov jonli efirda poytaxtning Yunusobod tumanidagi bozordagi narxlar haqida ma’lumot berdi.

«Ushbu savdo majmuasi Toshkentdagi eng yirik savdo nuqtalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, shanba va yakshanba kunlari bu yerda odamlar gavjum. Ma’lumotlarga ko‘ra, har dam olish kunlari bu yerga 25−30 ming kishi xarid uchun keladi. Erta tongdan bizning ijodiy guruhimiz narxlarni o‘rganmoqda. Masalan, bu yerda go‘sht sotiladi, xaridorlar ko‘p. Mol go‘shti 55 ming so‘mdan sotilayotganini ko‘rishimiz mumkin», — dedi u reportajda.

Xaridorlardan biri arzonlashtirilgan mahsulotlar sotiladigan yarmarka tashkil qilingani uchun minnatdorchilik bildirdi va narxlardan mamnunligini aytdi.

Muxbirning ta’kidlashicha, bunday savdo nuqtalarini bozorning bir nechta joylarida ko‘rish mumkin. Shu payt mijozlardan biri jurnalistga murojaat qilib, go‘sht katta suyaklarlar bilan sotilayotganini aytdi.

«Nega televizorga olyapsizlar? To‘g‘risini olinglar. Mana bu go‘shtni o‘zini sotmaydiyu. Qani, menga tortib bersin-chi. Mana bunday suyak tortib qo‘yayapti», — dedi u qo‘li bilan ko‘rsatib.

Keyin muxbir bir donasi 900 so‘m deb yozib qo‘yilgan tuxumlar sotiladigan nuqta tomonga o‘tdi. Samarqand viloyatidagi parrandachilik fermasining savdo bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Yo‘ldoshev «O‘zbekiston 24»ga bergan intervyusida o‘tgan yig‘ilishda prezident qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini arzon narxlarda sotishni buyurganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtdagi 12 ta tuman bozorlarida tuxum 900 so‘mdan sotilmoqda.

Avvalroq «Gazeta.uz» yuqoridagi yig‘ilishdan so‘ng Toshkentdagi aksariyat do‘konlar va bozorlar rastalarida qimmat go‘shtning yo‘qligi haqida xabar bergan edi. Faqat 60 ming so‘mgacha bo‘lgan narxdagi go‘shtlar sotilgan edi, sotuvchilar esa go‘shtga ko‘proq suyak va yog‘ qo‘shgan holda sotar edi. Bir necha kundan keyin rastalarda qimmat go‘shtlar yana paydo bo‘ldi.