14 oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish o‘tkazdi, unda Xitoy va Koreya Respublikasi bilan birgalikda iqtisodiy, sarmoyaviy, gumanitar va savdo-sotiq loyihalarni amalga oshirishdagi taraqqiyot tanqidiy ko‘rib chiqildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Mamlakat rahbari viloyatlar va tarmoqlar rahbarlari eksportning ahamiyatini hali ham tushunmayotganliklarini va ularning bu boradagi ish uslublari zamonaviy talablarga javob bermasligini ta’kidladi.

«Ko‘p hokimlar, tarmoq rahbarlari sanoat masalasi bilan shug‘ullanmayapti. Koreya, Xitoy Respublikalariga qaysi mahsulotlarni eksport qilyapmiz? Ularning importida bizning ulushimiz hamma soha bo‘yicha qanday, degan savollarga aniq javob yo‘q. Hech qanday yo‘nalishlar bo‘yicha yangi takliflar yo‘q. Sharoitni tushunmayapsizlar, qanday muhim davrda yashayapmiz, qanday og‘ir sinovlardan o‘tyapmiz. Bizning tariximizda bunday yil bo‘lmagan hech qachon. Tahlikali zamon desak ham to‘g‘ri bo‘ladi», — deya ta’kidladi prezident.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, «biz hozirgi sharoitni tushunmagan odam bilan ishlashga hech qanday haqqimiz yo‘q», deya ta’kidladi. Davlat rahbari Xitoy va Janubiy Koreyaga eksport qilish imkoniyatlarini ta’kidladi.

«Biz yaqinda Mun Chje In janoblari bilan gaplashdik. Hamma masalalarni hal qilib beraman dedi. Xuddi shunday, Xitoyda shuncha imkoniyatlar ochilayapti. Nimaga harakat qilmayapmiz? Kim bizga yordam beradi? Koronavirus bo‘lgani bilan Yevropa ham, Osiyo davlatlari ham, bizning hamkorlarimiz ham — hammasi iqtisodiyotni tiklash bo‘yicha harakat qilayapti. Qaysi tarmoq bo‘yicha bir yilda ikkita-uchta qaror chiqarmayapmiz? Qaysi tarmoq to‘g‘risida har kuni uch soat o‘tirib muhokama qilmayapmiz? Nima dardi bo‘lsa hammasini hal qilayapmiz. Qani endi natija?» — deb so‘radi prezident.

Yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar va xorijiy davlatlardagi elchilar eksport va investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi sustkashlikni bartaraf etish choralari to‘g‘risida hisobot berishdi.

«Uch oy vaqt qoldi yil yakunigacha. Eksport kerak. Qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham mahsulotlarni jo‘natishimiz kerak», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq «Gazeta.uz» dastlabki sakkiz oy ichida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 24,5 mlrd dollarni tashkil etgani va bu 2019 yilning shu davriga nisbatan 12,7 foizga past ekanligi haqida xabar bergan edi. Ushbu davr davomida eksport hajmi 4,1 foizga kamayib, 11,6 mlrd dollarni, import esa 12,9 mlrd dollarni (19,1 foiz) tashkil etdi. Shu bilan birga, oltin sotish hajmi 5,8 mlrd dollardan oshdi va mamlakat eksport daromadlarining 50 foiziga teng bo‘ldi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda XXR raisi Si Szinpinning yaqinda bo‘lib o‘tadigan rasmiy tashrifiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda, shuningdek, yil oxirigacha Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In onlayn uchrashuv o‘tkazishlari rejalashtirilgan.