Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida 8 yoshli qizga noma’lum erkak tomonidan axloqsiz harakatlar amalga oshirildi. Qizning onasi «Sukut saqlama» loyihasi tomonidan e’lon qilingan videomurojaatida bu haqda ma’lum qildi.

Daryo.uz nashrining yozishicha, 15 iyul kuni 8 yoshli qizi uyi yaqinidagi do‘konga chiqqan. U yerdan qizni noma’lum erkak velosipedda 35-sonli maktabga olib ketgan. Qizaloqning aytishicha, erkak uni maktab hojatxonasiga olib kirib, yechintirgan va axloqsiz harakatlarni amalga oshirgan. Ularni payqab qolgan maktab qorovuliga esa, erkak qizaloq singlisi ekanligi va hojatga chiqqisi kelganini aytgan. Shundan so‘ng, erkak qizni velosipedga o‘tqazib, ko‘cha boshiga tashlab ketgan va bu haqda onasiga hech nima demasligini ta’kidlagan.

Ayol bu bo‘yicha Ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Qizaloq suratlardan erkakni tanigan. Ekspertiza qizning tanasi va kiyimlaridan hech qanday izlarni topmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi 28 yoshli mahalliy fuqaro (oldin sudlangan, uylanmagan) bo‘lib chiqqan. Jinoyatchini tanish vaqtida u o‘ziga lezviya tortib yuborgan.

«U shifoxonaga olib borildi. Jarohatlar tikildi. Tergov shu bilan tugadi. Ikki oydan beri bizni militsiyaga chaqirishmayapti. Aytishlaricha, dalillar juda kam ekan. Guvohlar yetarli emasmish», — deydi qizning onasi.

Ayolning ta’kidlashicha, tergovchilarning so‘roviga ko‘ra, Guliston davlat universitetidan psixologlari jalb qilingan holda psixologik ekspertiza o‘tkazilgan. Ularning xulosasiga ko‘ra, qizaloqning so‘zlariga ishonish mumkin.

«Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, ushbu xulosa to‘g‘ri kelmas ekan… Oxirgi marta bizga respublika darajasida psixologik xulosani olishimiz kerakligini aytishdi. Bu yordam berishiga ishonchim so‘nib bormoqda. U esa tuman ko‘chalari bo‘ylab yuribdi. Hech qanday jazosiz yuribdi. Maktab stadioni orqali ishga qatnayapti. Qizim yolg‘iz qolsa nima bo‘lishini o‘ylashdan qo‘rqib ketyapman… Adolatga bo‘lgan ishonchim so‘nib bormoqda», — deydi ayol.

Sirdaryo viloyati IIB mazkuz holatga izoh berdi. Boshqarma ma’lumotlarga ko‘ra, Sayxunobod tumani IIO boshlig‘i nomiga yozilgan ariza 15 iyul kuni kelib tushgan.

«Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, ushbu jinoyatni Sayxunobod tumani „Gulbuloq“ mahallasi Oybek ko‘chasida yashovchi, muqaddam sudlangan M.Z sodir etganligi aniqlangan. Fuqaro M.Zning harakatlarida Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismida nazardat tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli, 14 avgust kuni unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», — deyiladi xabarda.

Hozirgi kunda jinoyat ishi yuzasidan Sayxunobod tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.