Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori lavozimida ishlab kelayotgan Qudratxodjayev Botir Baxromovich Xorazm viloyatiga prokuror etib tayinlandi, deya xabar berdi Xorazm viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Ushbu tayinlov Xorazm viloyati hokimligida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, viloyat hokimi Farxod Ermanov ishtirokidagi yig‘ilish davomida e’lon qilindi.

Botir Qudratxodjayev 2016−2017 yillarda Toshkent shahri prokurori bo‘lib ishlagan. Undan avvalroq Surxondaryo viloyati prokurori vazifasini bajaruvchi, viloyat prokurori bo‘lib ishlagan (2014−2016). U 2017 yil iyunidan hozirga qadar Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil fevralidan hozirga qadar Xorazm viloyati prokurori lavozimida ishlab kelayotgan Jahongir Hotamov Namanganga prokuror etib tayinlangan edi.