Gulistondagi «Alpomish» sport majmuasida sodir bo‘lgan portlash yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlarini olib borish Sirdaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasiga yuklatildi. Tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi.

Eslatib o‘tamiz, 7 oktyabr kuni Gulistondagi «Alpomish» sport majmuasida tashkil etilgan COVID-19 infeksiyasiga gumon qilingan va kasallangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, saralash va taqsimlash markazida kislorod baloni portlagan edi. FVV xabarida qayd etilishicha, hodisadan bir kishi jarohatlangan, qurbonlar yo‘q. U yerdagi fuqarolar xavfsiz hududga ko‘chirilgan.