Hozirda harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlar ro‘yxati tegishli vazirlik va idoralar tomonidan qayta ko‘rib chiqilmoqda, deya xabar qildi Davlat test markazi matbuot xizmati.

5 oktyabr kuni «O‘zbekiston 24» telekanalining «Fakt 24» dasturida oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlar va ularning ota-onalari DTM binosi oldida yig‘ilgani haqida xabar berildi. Ular DTM ushbu muammo bo‘yicha ularni Mudofaa vazirligiga, vazirlik esa noto‘g‘ri ma’lumot berilganini aytib, yana markazga qaytarayotganini ma’lum qilishdi.

DTM O‘zbekiston Qurolli kuchlari saflarida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan abituriyentlarni ro‘yxatga olish tartiblarini eslatib o‘tdi. Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi muvofiq oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlar toifasi hamda ularning reyestrini shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organlar tasdiqlangan.

DTM hujjat topshirish tartiblariga ham izoh berib o‘tdi: yoshlar ro‘yxatdan o‘tishda o‘zlariga tegishli tavsiyanoma ma’lumotlarini dasturga kiritadilar va ro‘yxatga olish yakunlangandan so‘ng, ularning ma’lumotlari mas’ul vakolatli organga yuboriladi hamda ma’lumotlarning to‘g‘riligi tekshirilib, tasdiqlanadi.

Bunda, abituriyentning pasport ma’lumotlari (shaxsiy identifikatsiya raqami, pasport seriyasi va raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi) va tavsiyanoma bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlar yuboriladi. Mas’ul vakolatli organlar tomonidan ma’lumotlar to‘g‘riligi faqat tavsiyanoma raqami bilan emas, abituriyentning pasport ma’lumotlari asosida tekshiriladi.

Joriy yilda ham harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlar ro‘yxati shu tavsiyanomalarni bergan vazirlik va idoralarga yuborilgan. Taqdim etilgan ro‘yxat ular tomonidan tekshirilib, tasdiqlangan holda Davlat test markaziga qaytarilgan. Abituriyentlarga harbiy imtiyozni qo‘llash yoki qo‘llamaslik ana shu tasdiqlangan ro‘yxat asosida amalga oshirilgan, deyiladi DTM xabarida.