IIBB axborot xizmati «hijob kiygan ayollarning ushlanishi» voqeasiga izoh berdi. Xabarga ko‘ra, internetda tarqalgan videolar noto‘g‘ri talqin qilingan va fuqarolarga ozor berilmagan.

«Mazkur fikrlar haqiqatdan yiroq. Ro‘mol o‘ragan ayollarga hech qanday ozor berilayotgani yo‘q, bunday topshiriqlar bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham», — deya izohlagan Toshkent shahar IIBB.

IIBB xabariga ko‘ra, S.N. va N.R. lar jamoat joyida tibbiy niqobsiz bo‘lgan va sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillari va profilaktika inspektorlari tomonidan profilaktik suhbat o‘tkazilishi uchun avtobusga taklif qilingan. Video esa ularning avtobusga chiqayotgan vaqtida tasvirga tushirilgan. Voqea 21 sentyabr kuni taxminan soat 19.25 da Shayxontohur tumani G‘uncha massivi hududida ro‘y bergan.

«Ayollarni avtobusga taklif qilishdan yagona maqsad — koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan xavfsizlik me’yorlariga rioya qilish muhimligi haqida santariya-epidemiologiya nazorati xizmati va profilaktika inspektorlari tomonidan profilaktik suhbatlar o‘tkazilishi bo‘lgan. Agar video muallifi avtobusdagi ayollardan xavotirda bo‘lganida, xodimlarning yoniga borib, nima bo‘layotgani haqida qiziqib ko‘rgan bo‘lmasmidi?» — deya yozgan IIBB o‘z izohida.