G‘olibsher Meliboyevich Ziyayev O‘zbekiston Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (O‘zkomnazorat) boshlig‘i etib tayinlandi. 21 sentyabr kuni hukumatning bu haqdagi qarori imzolandi, deya xabar berdi Adliya vazirligi.

G‘olibsher Ziyayev (1961 yilda tug‘ilgan) 1983 yilda Toshkent elektrotexnika aloqa institutini tamomlagan va o‘z ishini Jizzax shahar aloqa markazida yetakchi muhandis sifatida boshlagan.

Turli yillarda u O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari (2005−2009), Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi bosh direktori (2012−2017), Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘i (2017) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Tayinlovga qadar 2019 yil may oyidan buyon Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyatining mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

O‘zkomnazoratning avvalgi rahbari Asadjon Xodjayev iyul oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga direktor etib tayinlangan edi.

Hukumatning 21 sentyabrdagi tegishli qarori bilan, Abdumalik Abduqodirovich Allamuradov G‘olibsher Ziyayevning o‘rniga Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyatining mudiri etib tayinlandi.

U bunga qadar Surxondaryo viloyatidagi Tadbirkorlar qabulxonasi mudiri vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelgan.