9 sentyabr kuni Samarqand va Lvov shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi Samarqand viloyati hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Nikolay Doroshenko bilan uchrashuv davomida muhokama qilindi. Bu haqda Ukrainaning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Bundan tashqari, uchrashuvda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda Samarqand viloyatida IT Park tashkil etish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik va boshqa bir qator sohalar bo‘yicha birgalikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar muhokama etildi.

Uchrashuvda elchi Nikolay Doroshenko Samarqand bilan o‘zaro birodarlashgan Lvov viloyati rahbari Maksim Kozitskiyning viloyat vakillarini Lvovga taklif etgani haqidagi taklifnomasini topshirdi.

«Tomonlar tez fursatda ukrainalik ishlab chiqaruvchilar va ishbilarmonlar ishtirokida onlayn rejimda samarqandlik tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, fevral oyida Ukraina O‘zbekiston bilan aviaqatnovlarni tiklashdan manfaatdor ekani, har ikki tomonga haftasiga yetti marta parvozlarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, Toshkent-Xarkov-Toshkent temir yo‘l aloqasini tiklash masalasi ham ko‘tarilgandi.

O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi 2015 yil may oyiga qadar «Toshkent — Kiyev — Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha doimiy reyslarni amalga oshirgan. Biroq parvozlar ikki davlat aviatsion hukumatlari o‘rtasida kelishuvlar mavjud bo‘lmagani bois to‘xatilgan edi. Ukraina bilan doimiy aviaaloqalarni qayta tiklash imkoniyatlari to‘g‘risidagi so‘nggi axborotlar 2017 yilning dekabrida paydo bo‘lgan edi.