Rossiyaning «Sputnik V» koronavirusga qarshi vaksinasining birinchi partiyasi fuqarolar muomalasiga chiqarildi, deya xabar berdi Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi. Ma’lumot berilishicha, preparat «Roszdravnadzor» laboratoriyalarida kerakli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan va u yaqin orada mamlakat hududlariga yetkaziladi.

Gamaleya instituti ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Denis Logunovning ta’kidlashicha, aholini emlash preparatning fuqarolar muomalasiga chiqarilishi bilanoq boshlanadi. Birinchi bo‘lib, vaksina xavf ostida bo‘lgan odamlarga beriladi: tibbiyot xodimlari, politsiya xodimlari, ta’lim xodimlari.

Ommaviy emlash oktyabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, vaksina N.F.Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan.

11 avgust kuni esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin COVID-19 ga qarshi ilk vaksinaning ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida e’lon qilgan edi.

Bundan oldin, ko‘plab farmkompaniyalar Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligini ushbu vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishga shoshmaslikka chaqirayotgan edi. Ular sog‘liqni saqlash vazirligini vaksinaning so‘nggi klinik sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishini kutish kerakligini ta’kidlashdi.