O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirzyoyev «Respublika oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘laqonli ta’minlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tugatilmoqda. Xolding 2016 yil fevralida O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi o‘rniga tashkil etilgan edi. Prezidentning o‘tgan yil yanvaridagi qarori bilan ikki oy muddat ichida «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasini tugatish va uning o‘rniga oziq-ovqat sanoati sohasida o‘zini o‘zi boshqaruvchi tashkilot tuzish ko‘zda tutilgan edi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va infratuzilmani rivojlantirish boshqarmasi (4 ta shtat) negizida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 12 ta shtat birligidan iborat Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi tashkil etildi. Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari — Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi joriy qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklandi.

Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligining Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha ilk marotaba tashkil etilayotgan istiqbolli loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizini, lekin har bir loyiha uchun 100 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplash;

oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha ilk marotaba tashkil etilayotgan istiqbolli loyihalarning infratuzilmasini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizini, lekin har bir loyiha uchun 100 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplash;

oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ularni chuqur qayta ishlash sohasiga xorijiy ekspertlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizini, lekin har bir loyiha uchun 50 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplash belgilandi.

2021−2023 yillarga mo‘ljallangan sanoatbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish dasturi shakllantiriladi.

Kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlar asosida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab respublika oliy ta’lim muassasalarining «Oziq-ovqat texnologiyasi» hamda «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi» kabi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriatning kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.