O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, xalqaro toifadagi madaniyat va san’at menejeri Husniddin Ato konsert faoliyatini litsenziyalash amaliyoti mumtoz musiqa rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi, ushbu sohadagi xonanda va sozandalarga qiyinchilik tug‘dirayotganligi hamda nega mumtoz musiqa konsertlari O‘zbekistonda ko‘p tashkil etilmasligi haqidagi fikrlarini «Gazeta.uz» bilan bo‘lishdi.

Yillar davomida murojaatlarimni o‘qiyverib, keyin navbatchi javoblar yo‘llayverganlar endi xotirjam nafas olishlari mumkin. Sababi men uchun og‘ir: Nomoddiy Madaniy Meros targ‘iboti va rivojiga to‘sqinlik qilayotgan va sizlar jon-jahdingiz bilan qo‘llab-quvvatlab kelayotgan litsenziya borasida endi yozmayman.

O‘z milliy madaniyating, mumtoz merosing himoyasi va rivoji uchun hukumatga qanchalik taklif kiritmagin, barchasi bekor ketmoqda. Asos va dalillar ham, barcha-barchasi.

Aslida, Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni muhokamaga qo‘yilganida mumtoz meros targ‘iboti uchun yorug‘ kunlar yaqindek tuyulgandi, bunga ishongim kelmasdi. Sababi ushbu farmon loyihasiga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab Konsert-tomosha faoliyatiga litsenziya berish tartibini bekor qilgan holda Konsert-tomosha faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnoma taqdim etish tartibiga o‘tilishi kerak edi. Ming afsuslar bo‘lsinki, bunday bo‘lmadi.

24 avgustda imzolangan ushbu farmonda konsert faoliyatiga tegishli band butunlay olib tashlandi. Bundan esa ushbu sohada hech qanday o‘zgarishga hojat yo‘q, hammasi mukammal degan xulosaga kelindi. Loyiha himoyasi uchun portalda men keltirgan asos va dalillar esa, afsuski, so‘nggi qarorni qabul qilgan hech bir vatan farzandini qiziqtirmadi.

Qiziqtirmaydi ham, bundan oldin ham qiziqtirmagan. Avval bo‘lganidek, endi ham Nomoddiy madaniy meros jilovlanishda, estrada va shou-biznes bilan bir qozonda qaynashda va uning changida qolishda, ommaviy madaniyat o‘rmonida adashishda davom etadi.

Qoraqalpog‘istonlik baqsilar Gulshinar Kudaybergenova hamda Erisbay Askarovlar ishtirokidagi «Doston kechasi». 2018 yil. Foto: Husniddin Ato.

Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash tartibi nomoddiy madaniy meros rivoji va targ‘iboti, milliy cholg‘u ijrochiligi hamda professional konsertlar tashkil etilishiga juda katta to‘siq, xalqaro raqobatga mos mahoratli xonanda va sozandalar, jamoalarning yetishib chiqishi yo‘lidagi ulkan devor hisoblanadi.

Aslida, biz umuman ijod sohasida, estrada-konsert faoliyati sohasida litsenziyaning bekor qilinishi tarafdorimiz. Buni bemalol har qanday bahsli jarayonda isbotlay olamiz ham. Lekin bizni eng tashvishlantiradigani, bu — Nomoddiy Madaniy Merosimizga nisbatan sodir bo‘layotgan ayanchli tarixiy fojeadir.

O‘zbekistonda Nomoddiy Madaniy Meros yo‘nalishida ijod qilayotgan ijodkorlarning qonun doirasida mustaqil faoliyat olib borishlari uchun biror hujjatda huquq va erkinliklar keltirib o‘tilmaganligi sababli ham asosan estrada yo‘nalishidagi konsert faoliyati uchun ishlab chiqilgan qoidalarga ro‘para bo‘lishlariga to‘g‘ri keladi. Bu esa o‘z navbatida an’anaviy xalq musiqasi va milliy raqslar borasida shundoq ham nochor kechayotgan targ‘ibot ishlariga, yo‘qolib borayotgan meroslarimizni saqlab qolish va kelajak avlodga yetkazish ishlariga to‘sqinlik qilmoqda.

Biz istagancha maxsus maktablar, maxsus oliygohlar tashkil etmaylik, ushbu ijrochi va ijodkorlarning erkin ijod qilishlari, va o‘z ijodlarini professional tarzda namoyish etishlari uchun mukammal tizim yaratilmas ekan, kelajakda barchalari o‘sha mashhur litsenziya atalmish devorga borib urilishlari, va o‘z ijodlarini faqatgina davlat tasarrufidagi ansambllar, va shuningdek, to‘ylar bilan cheklashlariga to‘g‘ri keladi.

An’anaviy va xalq musiqa merosini litsenziya to‘sig‘idan qanday qilib qutqarish mumkin, degan savol ustida men talabalik davrimdan, taxminan 2003-yillardan boshlab bosh qotirib kelaman. Aynan shu yillardan boshlab mumtoz musiqa merosini internet orqali targ‘ib qilishni boshlaganman. Bu mavzudagi rasmiy murojaatlarim tarixi esa 2014 yilning martidan boshlanadi.

O‘zbekiston xalq baxshisi Abunazar Poyonov ishtirokidagi «Doston kechasi». 2015 yil. Foto: Husniddin Ato.

2014 yil 24 mart sanasida Vazirlar Mahkamasi hamda Madaniyat Vazirligiga, shuningdek, 2014 yil 13 dekabr sanasida marhum birinchi prezidentimiz Islom Karimov nomiga yo‘llagan xatlarimda konsert faoliyati uchun joriy etilgan litsenziya va soliqlar borasida quyidagi takliflarni bergan edim:

  • asosini milliy musiqamiz, maqomlarimiz, milliy cholg‘ularimiz ishtiroki tashkil etadigan konsert dasturlari tashkillashtirilayotgan jismoniy va yuridik shaxslarga keng imkoniyatlar yaratish;
  • mumtoz yo‘nalishda ijod qilayotgan va professional cholg‘u ijrochiligi rivojiga qaratilgan konsert dasturlari uchun imtiyozlar joriy etish va hujjatlarda alohida keltirib o‘tish;
  • xonanda, sozanda va konsert tashkilotchilarining maxsus tayanch ma’lumotga egaligi borasidagi hujjatini alohida e’tiborga olish;
  • maqom, mumtoz musiqa, dostonlarning yakkaxon va guruh ijrochilari, milliy cholg‘ular asosidagi konsert dasturlari tashkilotchilarini maxsus ruxsatnoma olishdan ozod qilish borasidagi mavjud hujjatlarga o‘zgartirish kiritish;
  • elektron cholg‘ular (sintizator, bass gitara, baraban) aralashmasidagi musiqiy konsertlardan soliqlar qisqartirilishi;
  • o‘z tabiiy ovoziga ega bo‘lgan cholg‘ular vositasidagi konsertlar, maqomlar, milliy kuy-qo‘shiqlar va dostonlar ijrosidagi konsertlar esa soliqlardan ozod qilinishi lozim.

Ushbu takliflar bilan 2014 yildan buyon Oliy Majlis qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Madaniyat vazirligi, Davlat Soliq qo‘mitasi, Oliy Majlis Senati, Adliya vazirligi, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevlarga murojaat kiritib kelganman.

Quyidagi savollar esa 2017 yil 7 may va 4 dekabr sanalarida prezident Shavkat Mirziyoyevga yo‘llangan murojaatimda mavjud muammoni bayon etishimda keltirilgandi:

  • Mumtoz musiqa yo‘nalishidagi konsert dasturlarini qayerda tinglash mumkin?
  • Shashmaqom turkumi hamda Katta ashula yo‘nalishidagi konsert dasturlarinichi?
  • Toshkentda bir oyda/yilda necha bor mumtoz/shashmaqom/xalq musiqasi asosidagi konsertlar bo‘lib o‘tadi?
  • Bir yilda xorij mamlakatlarida (elchixonalar ishtirokisiz) necha bor O‘zbekiston mumtoz, xalq musqasi asosidagi konsertlari tashkillashtiriladi?
  • O‘zbekistonda musiqa merosiga oid maxsus muzey bormi?
  • Xorijlik tadqiqotchilar o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlar, musiqiy, maqom namunalarini olish uchun qayerlarga murojaat qilishlari mumkin?
  • Siz qancha estrada va qancha an’anaviy yo‘nalishda ijod qilayotgan xonanda va sozandani sanay olasiz, va ularni oxirgi konsertlari qachon, qayerda va nechi kun davom etgan?
  • Bir yilda bitta estrada xonandasi nechi turdagi musiqiy albom nashr ettiradi?
  • An’anaviy yo‘lda ijod qilayotganlarchi?
  • An’anaviy yo‘lda ijod qilayotgan qaysi sozandalarni bilasiz va ular qanday cholg‘ularda ijro etishadi?
  • O‘zbekiston Konservatoriyasining An’anaviy ijrochilik bo‘limini bitirayotgan talabalarning nechi foizi aynan an’anaviy yo‘lda ijod qilishayapti?
  • Ushbu talabalar bugungi kunda Shashmaqom turkumidagi yirik asarlarni qayerlarda ijro etishayapti?

Bunday savollarga javob berish uchun sohadagi faoliyatlarni tahlil qila oladigan, tanqidiy yondasha oladigan jurnalistlar, xalqaro tajribaga ega mutaxassislar, afsuski, yetishmaydi. Hattoki, Madaniyat vazirligi va tizim tashkilotlari rahbar va xodimlari bilan bo‘lgan suhbatlarda ham har doim masala boshi berk ko‘chaga kirib, jiddiy islohotlar talab etilishi shartligiga borib taqalavergan.

Quyidagi takliflar ham alohida e’tiborga olinishi lozim:

  1. Internetda O‘zbekiston an’anaviy va xalq musiqa merosi fonoarxivini yaratish va muntazam targ‘ib etib borish;
  2. O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi magistratura bosqichi uchun maxsus musiqa (shu jumladan madaniyat va san’at) menejmenti kursini joriy etish;
  3. Zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida O‘zbekiston musiqa merosi muzeyini tashkil etish;
  4. O‘zbekistonning chekka hududlarda an’anaviy va xalq musiqa merosimizdan jonli ravishda namoyish etish istagida bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga keng imkoniyatlar va imtiyozlar yaratish;
  5. Xorijdagi konsertlarga, festivallarga yo‘l olayotgan an’anaviy va xalq yo‘nalishida ijod qilayotgan mustaqil sozanda, xonanda, raqqosa va jamoalar safar xarajatlari, avia chiptalari uchun maxsus grantlar ajratish;
  6. Nodavlat tashkilotlar istagiga ko‘ra turli musiqa festivallarini, madaniy loyihalarni moliyalashtirishga ko‘maklashish tizimini joriy etish;
  7. Xususiy tashkilotlarning nufuzli xalqaro musiqa va san’at yarmarkalarida ishtirok etishlariga hukumat tomonidan moliyaviy ko‘maklashish;
  8. Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya, Estoniya, Rossiya, Eron, Fransiya, Shvetsiya, Norvegiya, Finlandiya, Latviya, Qozog‘iston, Chexiya, Belgiya, Hindiston, Pokiston, Ozarbayjon kabi davlatlarning madaniy, musiqiy siyosat, menejment, festivallarni tashkillashtirish sohasidagi va yana boshqa ko‘pgina yo‘nalishlardagi tajribalarini o‘rganib, o‘zlashtirish.

Bunday murojaatlarni yozish, takliflar berishning umuman nafi yo‘q ekan. Shu yerga kelganda barcha umidlar so‘nib bo‘ldi. Fidoiylik so‘zining ma’nosi esa lug‘atdagidan umuman boshqa ekanini ham anglab yetdim. Afsuski, o‘shanda «ovvora bo‘lib nima qilasan, baribir befoyda» degan maslahatlarga e’tibor bermay bekor qilgan ekanman. Hattoki, murojaatlarim qo‘liga borib tushayotgan xodimlarning «anavi yana yozibdi, aytinglar, yozmasin, bunisiga yana nima deb javob yozaman?» — deganlariga ham e’tibor qilmabman.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Otaxon baxshi Matyoqubov ishtirokidagi «Doston kechasi». 2018 yil. Foto: Husniddin Ato.

Mumtoz musiqa konsertlari borasida suhbat qilganimda, deyarli barchaning, hatto yuqori martabali soha rahbarlarining ham «bunaqa konsertlarga odam kiradimi o‘zi?» degan so‘zlaridan keyin ushbu sohamiz, merosimiz va unga nisbatan munosabat qay ahvolda ekanini his qilish qiyin emas edi, aslida.

Endi har kim o‘ziga yuqoridagi savollarni berib ko‘rsin. Siz oxirgi marta qachon mumtoz musiqa konsertiga tushdingiz? Bu borada har bir deputat, har bir senator o‘zidan so‘rasin, har bir vazir o‘ziga savol bersin.

To‘g‘ri, istagan shaxs biror bir xonanda yoki sozandani o‘z xonadoniga yoxud biror kichik davraga chorlagan holda o‘z chanqog‘ini qondirishi mumkin, lekin bu faqat sanoqli shaxslarning ehtiyoji va chanqog‘ini qondirishi mumkin bo‘lgan kichik davra, xolos. O‘zbekistondek musiqa merosi va madaniyati boy mamlakat uchun maxsus konsertlarning, musiqa kechalarining muntazam tashkillashtirilmasligini nafaqat ma’naviy va madaniy jihatdan, balki imidj jihatidan ham katta yo‘qotish deb bilaman.

An’anaviy yo‘lda ijod qilayotgan san’atkorlarning, hattoki, aksariyat nomdor Xalq artistlarimiz va hofizlarimizning birorta konsertlarini uchratmasligimizning sababi ham aynan shu litsenziya masalasi ekanligini hech o‘ylab ko‘rdikmi? OAVda Xalq artistlari va hofizlarini suhbatga chorlab, nega ijoddan chetlashgani va konsertlar bermayotganligi borasida suhbat qilinadi-yu, lekin muammo aslida nimada ekanligiga jiddiy yondashilmaydi.

Barcha sohalarda xususiy sektorning faoliyati qo‘llab-quvvatlanayotgan bir davrda Hukumat madaniyat sohasida o‘zi sezmagan holda muammo yaratilishiga yo‘l qo‘ymoqda. E’tibor qaratsangiz, rasmiy faoliyat olib boradigan, konsertlar orqali daromad qiladigan birorta ham mustaqil an’anaviy musiqa va raqs jamoalarini uchratmaysiz. Bu fikrni inkor etmoqchi bo‘lganlar bilan bahslashishga tayyorman.

Naychi sozanda Azamat Ergashev ishtirokidagi «Mumtoz musiqa oqshomi». 2018 yil. Foto: Husniddin Ato.

Ayni vaqtda ko‘plab sohalarda tajribalar qilinmoqda, nega endi ushbu yo‘nalishda ham hech bo‘lmasa tajriba qilib ko‘rish mumkin emas?! Ma’naviyatimizning o‘tmaslashishi, eshitganda odam uyaladigan jinoyatlar sodir etilayotganligining sababi, ehtimol, aynan tinglash vositasidagi tarbiyani unutayozganimizdir?

Nomoddiy Madaniy Meros konsertlari uchun litsenziyalarni bekor qilmagan holda ham konsert faoliyati va targ‘ibotni amalga oshirsa bo‘ladi. Buning uchun davlat tomonidan muntazam grantlar ajratilib borishi lozim. Lekin men buni tavsiya etolmayman, sababi xususiy konsertlarning davlat tomonidan moliyalashtirilishining adolatli va shaffofligi hamisha savol ostida qolaveradi. Eng ma’qul yo‘l esa ularning barchasini litsenziya olish majburiyatidan ozod etishdir.

Litsenziya olish majburiyatidan ozod etilgach, albatta, bu soha birdan rivojlanib ketmaydi. Sababi — mumtoz musiqa konsertlari deyarli hamisha davlat tomonidan tashkillashtirib kelingan va mustaqil tashkilotchilar hali shakllanmagan. Bu yo‘nalishdagi konsertlardan birdan daromad olishni realashtirmaslik lozim. Soha xususiy sektor ishtirokida rivojlanib olguniga qadar biroz sabr qilishga, uni qo‘llab turishga to‘g‘ri keladi.

Kim qanday taklif berishidan qat’iy nazar, amalga oshiriladigan islohotlar nomoddiy madaniy meros targ‘ibotiga, ijrochilarning konsert-tomosha faoliyatiga, an’anaviy va xalq musiqa merosi yo‘nalishidagi ijodning rivojlanishiga va bu sohadan daromad qilinishiga to‘sqinlik bo‘lishi kerak emas.

Litsenziya olish majburiyatining bekor qilinib, xabardor qilish tarziga o‘tkazilishi milliy cholg‘ularimizning mahoratli ijrochilarining individual bo‘lib shakllanishlariga, o‘z ustlarida jiddiy shug‘ullanishlariga, mumtoz yo‘nalishda ijod qilayotgan sozanda va guruhlarning konsertlarini ko‘proq va muntazam tashkillashtirilishiga, viloyatlarimiz va chekka hududlarimiz musiqiy an’analarini va musiqachilarining ham rivojlanishlariga yo‘l ochishi mumkin edi.

Afsuski, endi bunday bo‘lmaydi. Bu ketishda hech qachon mustaqil an’anaviy jamoalar vujudga kelmaydi. Bu ketishda hech qachon mustaqil an’anaviy konsertlar ko‘paymaydi, rivojlanmaydi.

Soham va kasbim yuzasidan har yili dunyo bo‘ylab nashr etilayotgan yuzlab audio albomlarni tinglayman. Ular orasida birorta ham O‘zbekistonlik jamoaning albomi uchramaydi. Har yili 50 dan ortiq musiqiy va raqs jamoalarining jonli konsertlarini tinglash imkoniyatiga ega bo‘laman. Yil davomida 30 ga yaqin xalqaro institutlar, muzeylar, tashkilotlar, madaniyat markazlariga tashrif buyurib, muzokaralar olib boraman, tajriba almashaman. Yil davomida 100 dan ortiq xorijlik musiqashunos, menejerlar, prodyuser, ekspert va festivallar tashkilochilari bilan muloqotda bo‘laman.

Xorijlik musiqiy jamoalarning muvaffaqiyatlari, festivallarning dovrug‘i va madaniyat sohasidagi boshqa ko‘pgina holatlarni O‘zbekistondagi vaziyat bilan solishtirib, muammolarni hal qilish yo‘llari haqida bosh qotiraman. Va ushbu tajribadan kelib chiqqan holda o‘tgan 2016−2018 yillarda xorij sahnalarida O‘zbekiston mumtoz va xalq musiqa merosi, milliy raqslarini targ‘iboti o‘laroq 140 dan ortiq konsert, chiqishlar, mahorat darslari tashkillashtirishga muvaffaq bo‘ldim. Afsuski, COVID-19 sababli 2020 yildagi yana 40 ga yaqin xorijiy konsertlar bekor qilindi.

O‘zbekiston xalq baxshisi Abunazar Poyonov ishtirokidagi «Doston kechasi». 2015 yil. Foto: Husniddin Ato.

Xorijiy mamlakatlarda musiqa merosi, madaniy ta’limi va targ‘iboti bo‘yicha xususiy va davlat sektorlariga mansub bo‘lgan turli xil tashkilotlar yonma-yon faoliyat olib borishadi. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning deyarli barchasi hukumatning, homiylarning moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshiriladi. Ko‘pgina xorijiy davlatlar madaniy siyosati, menejment tajribasi bunga yaqqol misoldir.

Masalan, Yevropani oling. Klassik musiqa ijrochiligi u yerda katta daromad keltirmasa ham, obro‘li soha hisoblanadi. Joiz bo‘lsa, bu boradagi tahliliy misollarni bir qanchasini keltirishimiz ham mumkin. Lekin biz esa o‘z faolyatimiz, loyihalarimiz uchun hali hukumatdan moliyaviy yordam so‘ramadik.

Bizda O‘zbekiston madaniy, musiqiy imidjini shakllantirish borasida talaygina takliflarimiz bor. Lekin, milliy merosimizni saqlash va rivojlantirishga yo‘l bermayotgan oddiy masalalar borasida ijobiy munosabatga, o‘zgarishga erisholmayotgan ekanmiz, qanday qilib global, olamshumul loyihalar haqida gap ochishimiz mumkin?!

Biz O‘zbekistonda Nomoddiy Madaniy Merosni saqlab qolish, rivojlantirish, targ‘ib etish va yosh avlodga yetkazish borasidagi qoplanmayotgan xarajatlarimiz, bepul tashkillashtirayotgan doston va maqom kechalarimizni o‘tkazishimizdagi to‘sqinliklar, davlat madaniyat tizimining bizga raqobatchi sifatida qarashlari borasida hali hech qanday so‘z ochmaganmiz. Ammo bizda bu kabi muammolar mavjud. Toki xususiy madaniyat tashkilotlari madaniy targ‘ibot ishlarida hukumat tomonidan himoyalanmas ekan, u davlatga begonaligicha qolaveradi.

Xalqaro Press-klubning 20-avgustda bo‘lib o‘tgan navbatdagi sonida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov quyidagicha fikr bildirdi:

«Avvallari san’atkorlarning chetga chiqishi juda muammo edi. Mingta joydan ruxsatnoma olish kerak bo‘lardi. Men falon kuni falon joyga boraman, falon kishi bilan ko‘rishaman, deb yozib berish kerak bo‘lardi. Agar chetga chiqqanligini davlat bilmasa, jazo qo‘llanilardi. Bugungi sharoitlar juda ko‘p san’atkorlarimizga chetga chiqib, migrantlarimizga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi».

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, hatto bu darajadagi nomdor san’atkorlar shunday holatlarga uchragan ekan, bizdek kichkina odamlar bunday holatlarda dardimizni kimga aytaylik?

Ming afsuski, an’anaviy musiqiy merosimiz borasida xorijda amalga oshirayotgan targ‘ibotimiz uchun garchi hukumatdan biror ko‘mak olmayotgan bo‘lsakda, hatto safarlarni tashkillashtirishdagi xarajatlar qoplanmayotgan bo‘lsada, bizning targ‘ibot ishlarimizga nisbatan turli qarshiliklar, to‘sqinliklar hali ko‘p bo‘ladiganga o‘xshaydi.

Sozandalar Abror Zufarov va Muzaffar Rasulxo‘jayev ishtirokidagi «Mumtoz musiqa oqshomi». 2018 yil. Foto: Husniddin Ato.

Hukumatda madaniy meros targ‘iboti bilan shug‘ullanishni o‘z oldiga maqsad qilgan xususiy sektorga o‘rin yo‘q. Qancha loyihalarni amalga oshirmang, «balki o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, fikri o‘zgarar», degan maqsadda tadbirlaringizga qancha taklifnoma jo‘natmang, sizni hatto eslashmaydi ham. Chunki, siz davlat sektoridan emassiz. Siz xususiysiz. Siz begonasiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘gaysiz…

Hattoki, yaqinda bo‘lgani kabi karantin davrida ham hech kimdan yordam so‘rolmaysiz. Barcha sohani qamrab olayotgan imtiyozlar madaniyat sohasini chetlab o‘taverdi. Sababi — madaniyat tizimida xususiy sektor begona sanaladi.

Mana shular mening O‘zbekiston an’anaviy va xalq musiqa merosi, nomoddiy madaniy merosi ishtirokidagi konsert dasturlari, ijrochilari va madaniyat sohasidagi har qanday tashkilotchilar faoliyatini turli ruxsatnomalar olish majburiyatidan ozod qilish borasidagi so‘zlarim edi. Agarda biror mard deputat topilsa, balki masalani ko‘rib chiqishar. Balki yana 10−15 yillardan keyin menga o‘xshagan shu sohaning biror bir telbasi o‘rtaga chiqib, shu masalani yana ko‘tarib chiqar. Balki o‘shanda biror nima o‘zgarar. Lekin bugun emas. Bugun kech bo‘ldi…

Husniddin Ato — O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, dunyo musiqasi bo‘yicha xalqaro ekspert. Xalqaro toifadagi madaniyat va san’at menedjeri, trener. «Transglobal World Music Chart» a’zosi. «OXUS Culture» jamiyati rahbari.

Muallif fikrlari tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.