31 avgust kuni «Forish» tog‘ poligonida «ArMI-2020» VI Xalqaro armiya o‘yinlari «Harbiy-tibbiy estafeta» tanlovining so‘nggi sharti bajarildi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Harbiy-tibbiy ko‘pkurash musobaqasi shartiga ko‘ra, ishtirokchilar to‘siqlardan o‘tish, yaradorlarni jangovar texnikadan xavfsiz hududga olib chiqish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yaradorlarni suvli to‘siqdan olib o‘tish va evakuatsiya qilinadigan texnikaga joylashish kabi mashqlarni bajarishdi. «Individual mahorat» bosqichidan farqli ravishda bu yerda jamoa har bir a’zosining roli, salohiyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Boisi, mashqlarning ko‘p qismi ishtirokchilar tomonidan parallel ravishda amalga oshirildi.

Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, erkaklar bahslarida O‘zbekiston jamoasi 2572 ball bilan «Jamoaviy birinchilik» bosqichida tengsiz topildi. Asosiy raqobatchilar — rossiyaliklar 1513 ball to‘plab, finishda ikkinchi bo‘ldi. Uchinchi o‘rinda Belorus jamoasi — 814 ball.

Ayollar orasida ham yurtdoshlarimiz 1642 ball to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi. Rossiya jamoasida 1452 ball. Belorusiyaliklar 554 ball bilan kuchli uchlikning quyi pog‘onasida.

Navbatdagi shartni ham o‘z foydasiga hal qilgan o‘zbekistonlik harbiy tibbiyotchilar 2019 yilda «Forish» tog‘ poligoni ilk bor mezbonlik qilgan «Harbiy-tibbiy estafeta»ning «Jamoaviy birinchilik» bosqichida o‘rnatilgan 07'35,9'' (erkaklar) va 11'35,6'' (ayollar) vaqtlik rekordlarni mos ravishda yangiladilar: 6'28,8'' va 10'09,2''.

Shu bilan «Harbiy-tibbiy estafeta» xalqaro musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Barcha shartlar bo‘yicha to‘plangan umumiy natijaga ko‘ra, 12 857 ball bilan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Rossiyaliklar 10110 ball bilan ikkinchi o‘rinni band etdi. Belorus jamoasi esa 6585 ball bilan sovrinli o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi — Tojikiston, Vetnam va Falastin.

Shuningdek, Qo‘qon mezbonlik qilgan «Yo‘l patruli» bahsida ham O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Mudofaa vazirligi harbiylari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va bu natija O‘zbekiston jamoasining musobaqa tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Bir necha kun davom etgan bellashuvlarda Mudofaa vazirligi harbiy avtomobil nazorati xodimlari jamoasi birinchi, Rossiya — ikkinchi, Belarus esa — uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Foto


Video