Gonkong universiteti (HKU) tadqiqotchilari koronavirusga qayta chalinish holati aniqlangani haqida ma’lum qilishdi, deya xabar berdi RIA Novosti RTHK teleradiokompaniyasi ma’lumotlariga asoslanib.

Mutaxassislarning qayd etishicha, 33 yoshli IT sohasi xodimi aprel oyida COVID-19 kasalligini boshdan o‘tkazgan. Ammo u avgust oyining boshida Ispaniyadan qaytib kelgach, u topshirgan test yana ijobiy chiqqan.

Dastlab, shifokorlar bu odam ikkinchi marta infeksiyani yuqtirganmi yoki virus shu vaqtgacha uning tanasida bo‘lganmi yoki yo‘qligini tushunishmadi. Ammo, HKU mutaxassislari olib borgan tadqiqotlar viruslarning shtammlari «butunlay boshqacha» ekanligini ko‘rsatdi.

«Ko‘p odamlar COVID-19 dan davolangan bemorlarning qayta infeksiyaga qarshi immuniteti bor, deb ishonishadi, chunki ularning aksariyatida immunitet bunga javoban neytrallashtiruvchi antitanachalarni ishlab chiqadi. Ammo ba’zi bemorlarda antitanachalar darajasi bir necha oydan keyin pasayishi haqida dalillar mavjud», — dedi olimlar.

Meduza The New York Times ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, bemor ilk bor kasallanganida, unda yengil asoratlar bo‘lgan, ammo endi ular yo‘q.

Virusning genom ketma-ketligi (DNK yoki RNK ketma-ketligini aniqlash) shuni ko‘rsatdiki, koronavirusning ikkinchi shtammi birinchisidan sezilarli darajada farq qiladi va Yevropada iyul-avgust oylarida kuzatilgan turiga to‘g‘ri keladi.

Ilgari AQSH va boshqa mamlakatlar shifokorlari qaytadan koronavirus yuqtirgan deb taxmin qilinayotgan bemorlar haqida bir necha bor xabar berishgan, ammo bu Gonkong universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan jiddiy tadqiqotlargacha tasdiqlanmagan edi.