Toshkentning Bektemir tumani maydoni Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq va Yuqorichirchiq tumanlari hududlarini qo‘shish hisobiga kengaytiriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 21 avgust kuni tuman faollari bilan bo‘lib o‘tgan urashuvida ma’lum qilindi.

Davlat rahbari matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq va Yuqorichirchiq tumanlaridan jami 1639 gektar yer o‘tkaziladi. Natijada tuman hududi 3472 gektarga yetadi.

«Nima uchun [tuman hududini kengaytirayapmiz]? Sanoat korxonalarini ko‘paytirmoqchimiz. Katta rejalar qo‘ydikki, mana shu Bektemirga Toshkent viloyatidan qo‘shilayotgan joylari, sizlar bilan bamaslahat, xuddi Sirg‘alida qurganimizga o‘xshab, eng kamida 50 ming, 70 ming odamga yarasha ko‘p qavatli uylar qurmoqchimiz. Bektemirni mutlaqo boshqacha qilamiz. Markazdan Bektemirga ko‘chib keladigan qilamiz», — dedi prezident (iqtibos «O‘zbekiston 24» telekanali lavhasidan olindi).

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Shavkat Mirziyoyevga Bektemir tumanidagi «Binokor» mahallasidagi sanoat korxonalari to‘g‘risida ma’lumot taqdim etmoqda. «O‘zbekiston 24» lavhasi.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda Bektemir tumani aholisini 200 ming kishiga ttkazish rejalashtirilgan. «Buning uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud. Bektemir tumani katta imkoniyatlarga ega», — dedi u.

DSK Binokor (yirik panelli uy-joy qurilishi uchun temir-beton buyumlar ishlab chiqaruvchi) ishlab chiqarish majmuasiga tashrifi chog‘ida davlat rahbari o‘z saylovoldi dasturida Toshkentda 500 ta ko‘p qavatli binolarni qurish bo‘yicha va’dasini qisqa vaqt ichida bajarganini ta’kidladi.

«Uy qurilish sohasida biz bor tajribamizni 25 yil yo‘q qilib, barbod qildik. Na quruvchi paydo bo‘ldi, na kranchi paydo bo‘ldi. Biz boshlaganimizda Toshkentda 10 ta baland kran yo‘q edi. 500 ta uyni 5 yilda quraman, deb va’da bergan edim saylovoldi dasturimda. 2,5 yilda qurdik. Faqat Sirg‘alida», — dedi u.

Avvalroq xabar berganimizdek, Bektemir tumani hokimi Shohrux Mamajonv va tuman sektorlari rahbarlari prezident tashrifidan so‘ng lavozimlaridan ozod qilindi.