20 avgust kuni Toshkentning Yakkasaroy tumani Shota Rustavelli ko‘chasida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida bir kishi hayotdan ko‘z yumdi, ikki kishi jarohatlandi. Bu haqda O‘zbekiston IIV YHXBB matbuot xizmati xabar qildi.

Soat 23:00 larda haydovchi Sh. A. (18 yosh) Lacetti rusumli transport vositasida mast holda harakatlanayotib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘lni ajratuvchi bo‘lagida yoritish chiroqlari o‘rnatilgan temir simyog‘ochga urilgan.

Foto: YHXBB

Natijada, ushbu avtomobil yo‘lovchisi 19 yoshli I.Sh. og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan. Avtomobil haydovchisi 18 yoshli Sh. A. va yo‘lovchisi 19 yoshli Q.K. tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga bergan intervyusida joriy yilning 7 oyida 12 mingdan ziyod haydovchining transport vositasini mast holda boshqargani aniqlanganini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq esa Toshkent, Qoraqalpog‘iston va Самарқандда mast haydovchilar ishtirokida o‘lim bilan yakunlangan YTHlar sodir bo‘lgan edi.