Toshkentda Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Loyiha «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ, Janubiy Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamkorligida amalga oshirildi, deya xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi qaroriga asosan, 2021 yil iyul oyiga qadar respublika bo‘ylab 7,4 milliondan ortiq iste’molchilarning barchasi elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanishi ko‘zda tutilgan.

Ayni kunlarda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan «Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda.

Hozirga qadar respublikaning 70 dan ortiq tuman va shaharlarida 3,6 milliondan ziyod iste’molchi xonadonlariga zamonaviy elektr hisoblagichlar o‘rnatib berildi. Tahlil natijalari ushbu tizimning sinov loyihasini amalga oshirish davomida iste’molchilardan foydalanilgan elektr energiyasi uchun haq to‘lash darajasi 99 foizgacha o‘sganligini ko‘rsatdi, deyiladi xabarda.

Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazida respublika, viloyat, tuman (shahar) va mahallalar kesimida elektr energiyasi iste’molchilarining ma’lumotlari saqlanadi. Shu bilan bir qatorda, dasturiy ta’minot orqali elektr energiyasining soatlik, sutkalik, oylik va yillik balanslarini shakilllantirish, ko‘p tariflik tizimida hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoni mavjud.

Bundan tashqari, qarzdor iste’molchilarni to‘liq avtomatik ravishda o‘chirish va sarf qilingan elektr energiyasi uchun to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng qayta yoqish, masofadan turib elektr hisoblagichlarni qayta dasturlash, iste’molchilar hisoblagichlaridan olingan ma’lumotlarni qayta ishlash hamda energetika tizimini nazorat qilish kabi vazifalarni amalga oshiradi.

Janubiy Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi tomonidan ushbu markazga Koreya, Xitoy, Singapur va AQSH kabi dunyoning yetakchi davlatlarida ishlab chiqarilgan server qurilmalari bilan ta’minlangan.

Markazda o‘rnatiladigan dasturiy ta’minot 8 mln iste’molchini ulashga mo‘ljallangan, kelgusida istemolchilar sonini 20 mln ga yetkazish imkoniyati mavjud.

Shuningdek, avvalgi dasturdan farqli ravishda, ushbu dasturiy ta’minotga energoob’ektlarni (nimstansiyalar, elektr stansiyalar) ham ulash imkoni yaratiladi. Bugungi kunda Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida kichik markazlar qurilgan bo‘lib, Samarqand viloyatidagi server zaxira (Back-up) sifatida foydalanishga topshirildi.