14 avgust — Telegram messenjeri paydo bo‘lgan kun. Shu munosabat bilan Android-qurilmalar uchun ommaviy sinov tariqasida videoqo‘ng‘iroqlar funksiyasi yangi, 7.0 versiyasiga kiritildi. Bu haqda kompaniya o‘z rasmiy saytida xabar berdi.

Videoqo‘ng‘iroq amalga oshirish uchun, kerakli foydalanuvchi shaxsiy profiliga kirib, avval ovozli qo‘ng‘iroq qilish tugmasini bosish kerak. So‘ngra «Video» tugmasi bosiladi.

2020 yil yuzma-yuz muloqot uchun talabni yuzaga chiqardi va bizning alfa versiyadagi video chaqiruvlar funksiyamiz endi Android uchun ishlaydi, — deyiladi rasmiy xabarda.

Barcha video chaqiruvlar boshidan oxirigacha shifrlash bilan himoyalanadi. Bundan tashqari, kelgusi oylarda kompaniya guruhli videoqo‘ng‘iroqlar funksiyasini ham kiritishni va’da berdi.

Nega iOS uchun videoqo‘ng‘iroqlar kiritilmadi

Kompaniya blogida yozilishicha, yangi versiyani App Store’ga joylash uchun Apple hanuzgacha ilovani nazoratdan o‘tkazmagan. iOS foydalanuvchilarini video chaqiruvlarni kutishga to‘g‘ri keladi.

Biz barcha iOS foydalanuvchilarimizdan ushbu funksiyani faqat Android uchun ishga tushirayotganimiz tufayli uzr so‘raymiz. Bu yangilanishni App Store’ga Google Play’ga yuborishimizdan bir necha kun oldin yuborgan bo‘lsak ham, Apple uni o‘z vaqtida ko‘rib chiqa olmadi.

Agar iOS qurilmalaridan foydalansangiz va Telegram video chaqiruvlarini sinashni xohlasangiz, Apple sizga ruxsat bergunigacha kutishingizga to‘g‘ri keladi — yoki Android kabi foydalanuvchilari va dasturchilarini ko‘proq hurmat qiladigan boshqa platformaga almashtiring, — deyiladi Telegram blogi xabarida.