O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati («temir daftar») kengaytiriladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ning hukumatdagi axborot manbasi xabar qildi.

Prezidentning 30 iyuldagi farmonida a’zolari 1,7 million nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilalarga respublika byudjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan edi. Umumiy to‘lov miqdori 380 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, farmon qabul qilinishi bilan sektor rahbarlari tomonidan bir martalik moddiy yordam pullarini ehtiyojmand oilalarga yetkazish bo‘yicha nomma-nom ro‘yxat shakllantirildi. Ko‘rilgan choralar natijasida sektor rahbarlarining tavsiyasi va ushbu oilalarning yozma roziligi bilan 160 ming atrofidagi oilalar «temir daftar»dan chiqarilgan va ularning o‘rniga yana shuncha ehtiyojmand va moddiy ko‘makka muhtoj oilalar kiritilgan.

Qayd etilishicha, 150 mingga yaqin oila yordam ko‘rsatilganidan keyin ro‘yxatdan chiqarilgan. Hukumatdagi axborot manbasi ro‘yxatga yangi kiritiladigan taxminan 150 mingta oila bir martalik moddiy yordam olishini ma’lum qildi. Buning uchun davlat byudjetidan qo‘shimcha ravishda 300 mlrd so‘mdan ziyodroq mablag‘ ajratiladi.

«Temir daftar» ro‘yxatlari mahalla raislari va sektorlar rahbarlari tomonidan uyma-uy yurish orqali oilalarning moddiy-maishiy sharoitlarini o‘rganish yo‘li bilan shakllantiriladi, ehtiyojmandlar ma’lumotlar bazasiga kiritiladi.

«Temir daftar»ni yuritishda ehtiyojmand oilalarning 7 toifasi, jumladan:

  • kam ta’minlangan;
  • nogironligi bo‘lgan;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar;
  • yakka-yolg‘iz keksalar;
  • doimiy ishsiz fuqarolar;
  • karantin tufayli ishsiz qolgan fuqarolar;
  • og‘ir epidemiologik hududlardan qaytarib kelingan fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, Qurbon hayiti bayrami arafasida 150 ming oila 1 mln so‘mdan moddiy yordam oldi. Bundan tashqari, 234 ming oila «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan o‘rtacha 564 ming so‘mdan oldi.