O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev chekka hududlarni ham tezroq internet bilan ta’minlash va talabalar uchun arzonlashtirilgan internet trafiklari ajratish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbari 6 avgust kuni oliy ta’lim masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda qayd etib o‘tganini O‘zA xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, prezidentga bu taklifni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva bildirgan. Uning aytishicha, pandemiya sababli o‘tgan yili ikkinchi semestr onlayn tarzda tashkil qilingandan so‘ng ko‘pchilik talabalarda o‘ziga xos takliflar va talablar yuzaga kelgan. Shu bois, talabalar yangi o‘quv yilini boshlashda nimalarga e’tibor berish haqida o‘z takliflarini berishgan.

«Agar yangi o‘quv yilini biz onlayn boshlaydigan bo‘lsak, chekka qishloqlarni ham internet bilan ta’minlash masalasini hamda talabalar uchun muhim bo‘lgan arzonlashtirilgan internet trafiklarni ajratish borasida murojaat qildim va prezidentimiz tegishli mutasaddilarga bu bo‘yicha topshiriq berdilar. O‘ylaymanki, bu hammamiz uchun juda ham qulay sharoitni vujudga keltiradi», — dedi Gulchehra Rixsiyeva.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident topshirig‘iga asosan 2020/2021 o‘quv yilida OTMlarga kirish imtihonlari Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi stadionlarda kuniga ikki marta — havo salqin vaqtlarda o‘tkazilishi belgilani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Respublika Oliy ta’lim kengashi raisi O‘ktam Umurzoqov yangi o‘quv yili boshlanishidan yuqori bosqich (ikkinchi bosqichdan boshlab) talabalari uchun ta’lim jarayoni onlayn tarzda olib borilishi haqida ma’lum qilgandi.