4 avgust kuni Beyrut shahrining yirik portida juda kuchli portlash yuz berdi, deya xabar berdi Al Jazeera nashri.

Portlash sababi haligacha noma’lum bo‘lib kelmoqda, biroq rasmiylarning taxminiga ko‘ra, hodisaga 2015 yilda boxona xodimlari tomonidan musodara qilinib, o‘tgan davr mobaynida Beyrut porti omborida saqlab kelinayotgan 2700 tonna miqdoridagi ammiakli selitra sabab bo‘lgan.

Kuchli portlash oqibatida hayotdan ko‘z yumganlar soni 100 nafardan oshdi, 4 mingdan ortiq kishi turli darajada tan jarohatlari olgan.

Shu bilan birga, Livan rasmiylari portlashdan so‘ng bedarak yo‘qolganlar ko‘p bo‘lgani bois qurbonlar sonining ortishi kutilayotganini ma’lum qildi.

Manba: Al Jazeera nashri

Livan prezidenti Mishel A’yun portlashdan so‘ng mamlakat Oliy mudofaa kengashini yig‘di. Unda quyidagilar e’lon qilindi:

  • Beyrut shahri bo‘ylab 2 haftalik favqulodda holat va «falokat hududi» rejimi joriy etiladi;
  • portlash oqibatida vafot etganlarni xotiralash munosabati bilan 5 avgustdan 3 kunlik «motam kuni» e’lon qilinadi;
  • Tergov qo‘mitasiga besh kun ichida portlash sabablari va mas’ullarni aniqlash vazifasi yuklatildi;
  • jabrlanganlarning oilalariga tovon puli to‘lanadi;
  • poytaxt portiga jo‘natilgan barcha yuklar mamlakat shimolidagi Tripoli portiga yo‘naltiriladi.

Ayni vaqtga qadar Turkiya, Qatar, Fransiya, Britaniya, Eron, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlar Livanga insonparvarlik yordamini berishga tayyorligini ma’lum qildi. Isroil esa ushbu portlashda uning hech qanday aloqasi yo‘qligini aytib o‘tdi.