Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani «Jasliq» posyolkasi hududidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lida ikkita yuk avtomashina ishtirokidagi yo‘l transport hodisasi sodir etilib, uning natijasida bir nafar kishi YTH joyida vafot etdi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 23 iyul kuni soat 18:05 da haydovchi 26 yoshli Sh. S. o‘zining boshqaruvidagi «DAF FT XF 105» rusumli yuk avtomashinada Qo‘ng‘irot tumani «Jasliq» posyolka fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lining 1009−1010 kilometrlari oralig‘ida harakatlanib ketayotganida, avtomashina boshqaruvini yo‘qotib, ushbu yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketib, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Ukraina Respublikasi fuqarosi 32 yoshli I.S.ning boshqaruvida bo‘lgan «VOLVO» rusumli yuk avtomashinasining chap yon tomoniga borib urilib, ushbu yuk avtomashinadan keyin harakatlanib kelayotgan Ukraina Respublikasi fuqarosi 29 yoshli Yu.K.ning boshqaruvida bo‘lgan «VOLVO» rusumli yuk avtomashinasining oldi tomoniga urilib yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.

YTH natijasida, «DAF FT XF 105» rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi Sh. S. hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, «DAF FT XF 105» rusumli yuk avtomashinasi hamda Yu.K. boshqaruvidagi «VOLVO» rusumli yuk avtomashinalarida yong‘in kelib chiqib, har ikkala yuk avtomashinasi butunlay yonib ketgan.


«Mazkur holat yuzasidan Qo‘ng‘irot tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.