24 iyul kuni Jizzax viloyatida 2 ta o‘lim bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Soat 17:00 larda 33 yoshli O.J. boshqaruvidagi Lacetti avtomashinasida G‘allaorol tumani tomondan Marjonbuloq shaharchasiga qarab harakatlanib ketayotgan vaqtida Lalmikor MFY hududida 4R-43A yo‘lining 10- kilometrida yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda 5 yoshli qizni urib yubordi. Qizcha tan jarohatlari bilan tuman markaziy shifoxonasiga olib borilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, u shifoxonada vafot etgan.

Ikkinchi hodisa 16:00 da Jizzax shahri yaqinidagi «Sayxon» mahallasi hududida sodir bo‘ldi. 18 yoshli ikki yigit — A. S. va B. V. 21 yoshli «ZiL» haydovchisi bilan kabinaga chiqishga mo‘ljallangan zinada tik turgan holda 200 metr masofaga borishga kelishadi. A. S. avtomobil to‘xtashini kutmasdan, undan sakraydi va asfaltga boshi bilan yiqilib, hodisa joyida hayotdan ko‘z yumadi.

Avvalroq viloyatning Sharof Rashidov tumani hududida Traller rusumli yuk avtomashinasining ag‘darilib ketgani haqida xabar qilingan edi. Hodisadan tan jarohati olganlar yo‘q.