Toshkentda 73 yoshli koronavirusga chalingan ayol o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi 73 yoshli ayol G. R.da 9 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Zangiota ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, bosh miyada surunkali qon aylanishining buzilishi, surunkali piyelonefrit, surunkali xoletsistit kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.