21 iyul kuni ertalab Ukrainaning Lutsk shahrida qurollangan shaxs 20 ga yaqin yo‘lovchisi bo‘lgan avtobusni garovga oldi, deya xabar berdi «Interfaks-Ukraina».

Ertalab o‘zini Maksim Ploxoy deb tanishtirgan shaxs politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, qurollangani va avtobusni garovga olganini aytadi. Shundan so‘ng gumondor bilan muzokaralar boshlandi. Bunda politsiyaning asosiy maqsadi garovga olinganlarni ozod qilish bo‘lgani ma’lum qilinadi. Ukraina Xavfsizlik xizmati «Bumerang» rejasini tatbiq etib, shahar markazini yopdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tezkor olinganlarni ozod etish bo‘yicha tezkor tadbir boshlanganini e’lon qilib, vaziyatni shaxsan o‘zi nazorat ostiga olganini qayd etib o‘tdi.

Ukraina ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Anton Gerashenko bosqinchi Maksim Ploxoy Rossiyaning Orenburg viloyatida tug‘ilgan Maksim Krivosh ekanligini ma’lum qildi. U Ilgari ikki marta sudlangan va bir qator og‘ir jinoyatlar sodir etgani uchun 10 yilgacha qamoq jazosini axloq tuzatish muassasalarida o‘tagan.

Bosqinchining talablari Twitterda va YouTube ijtimoiy tarmoqlarida paydo bo‘ldi, deya UNIAN nashri xabar berdi. Videoda qurollangan shaxs barchani «tizimga qarshi kun» bilan tabrikladi va Ukrainani «birinchi terrorchi» davlat deb atadi.

U sudyalar, vazirlar, prokurorlar, parlament a’zolari va oligarxlardan, shuningdek, cherkov rahbarlaridan bayonot bilan o‘zlarini «qonun doirasidagi terrorchilar», deb atashni talab qildi. Agar bu talab bajarilmasa, u avtobusni va Lutsk shahrida yashirilgan boshqa bombani portlatish bilan qo‘rqitgan.

Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u bosqinchi bilan bir necha daqiqa suhbatlashgan, u prezidentga ham bir qator talablar qo‘ygan. Talabga ko‘ra, davlat rahbari barchani «Yer aholisi» — odamlar tomonidan hayvonlarni ekspluatatsiya qilish muammosi haqidagi hujjatli filmni tomosha qilishga chaqiradigan videomurojaatni yozib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishi kerak edi. Zelenskiy, o‘z o‘rnida, bosqinchiga uning talabi bajarilishidan avval uch kishini ozod qilish talabini qo‘ygan. Prezident bosqinchining talabiga bo‘ysunib, uni bajardi va garovga olinganlar ozod qilingandan so‘ng, ushbu videomurojaat o‘chirib tashlandi.

Ma’lum qilinishicha, bosqinchi 12 soat davomida avtobusni garovda ushlab turdi. Garovga olinganlarni ozod qilish tadbiri chog‘ida BTR avtobusga yaqinlashgach, ko‘plab o‘q ovozlari eshitilgani qayd etiladi.

Ta’kidlanishicha, garovga olinganlar qo‘yib yuborilgach, erkak qo‘lga olingan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy garovga olinganlarni ozod qilish paytida qurbonlar bo‘lmaganini tasdiqladi.

Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov bosqinchining sheriklari borligini aytdi. «Uning sheriklari hibsga olingan, ulardan biri Xarkovda, u yerda patron va portlovchi moddalar topilgan», — dedi vazir brifingda.

Ukraina Xavfsizlik xizmati «terrorchilik harakati» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.