2020 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 12,7 ming kishi sudlandi. Bu haqda Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov seshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Sudlangan shaxslar soni 2019 yilda 14733 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda sudlanganlar soni 1985 taga yoki 13,5 foizga kamaygan. Biroq, jinoyat turiga qarab baho berganda, pandemiya va karantin cheklovlari joriy etilgan davrni o‘z ichiga olgan yarim yillik mobaynida ayrim turdagi jinoyatlar sonida o‘sish kuzatilgan. Jumladan, voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlash (aliment) bo‘yicha 332 taga, qo‘shmachilik qilish, fohishaxona saqlash jinoyatlari 38 taga, bezorilik jinoyatlari 174 taga, shuningdek, transport vositalaridan foydalanish qoidasini buzish 22 foizga, firibgarlik 14,2 foizga, o‘g‘irlik 11,2 foizga, giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish jinoyatlari 6,2 foizga oshgan.

«Bugungi kunda Oliy sud sudlov hay’atlari va viloyat sudlari har bir hudud kesimida qaysi turdagi jinoyatlar soni oshgan bo‘lsa, ularning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish, shu turdagi jinoyatlar sonini kamaytirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirmoqda», — deya ta’kidladi Ikrom Muslimov.

Shuningdek, yarim yil davomida ma’muriy sudlar tomonidan 177463 ta ish ko‘rilgan. Shundan 183137 nafar shaxsga nisbatan 149 684 ta ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ko‘rilgan. Bundan tashqari, 6871 ta ommaviy-huquqiy masalalarga bag‘ishlangan arizalar ko‘rib chiqilib, qonuniy hal qilingan.