Guliston shahriga kirishdagi blok-postlardan birida Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi Alisher Ergashevga nisbatan qo‘pollik qilingan va kuch ishlatilgan, deya xabar berdi O‘zA.

Xabar berilishicha, 13 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi Alisher Ergashev o‘zining boshqaruvidagi Nexia rusumli avtomashinasida doimiy yashash joyidan ish joyiga kelish maqsadida Guliston shahar hududiga kirishda o‘rnatilgan “karantin blok posti” yo‘nalishida hosil bo‘lgan tirbandlikda taxminan 8.40 dan 09.35 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida kutib turgan.

Lekin u ishga borishi shart bo‘lgani uchun blok post tomon harakatlangan. Shunda IIB va Milliy gvardiya xodimlari “viloyat hokimi kelayotganligi sababli” shahar hududiga kiritish umuman taqiqlanganini aytishgan. Alisher Ergashev o‘zining sudya ekanini ma’lum qilib, ularga o‘zini tanishtirib, xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, ishga ketayotganligini bildirib, o‘tkazib yuborishni iltimos qilgan. Ma’lumotga ko‘ra, blok postdagi IIB va Milliy gvardiya xodimlari sudyaga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lib, uning avtomashinasini qo‘li bilan urib, tezroq bu joydan boshqa yo‘nalishga qarab harakatanishni talab qilishgan.

“Sudya shahar hududiga ishga borish uchun kirishini bildirganiga qaramasdan, unga 3−4 xodim kuch ishlatib, avtomashinasidan majburan tushirib, uni chetga olib o‘tib, uning shaxsi, sudyalik lavozimi va qadr-qimmatini haqorat qilib, unga tan jarohati yetkazgan. Sudyaning shaxsiy mulki hisoblangan avtomashinani esa notanish IIB xodimi boshqarib, voqea joyidan 250−300 metr joyga yo‘lning chetiga olib borib, ochiq holda tashlab ketgan”, — deyiladi xabarda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi Alisher Ergashev viloyat sudiga kelib, sog‘lig‘i yomonlashayotgani sababli tez tibbiy yordam chaqirtirgan. Tez tibiiy yordam xodimlari kelib Alisher Ergashevning tanasidagi jarohatlarni ko‘zdan kechirgan va uning qon bosimi ko‘tarilganligini aytib, zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Keyin u tez tibbiy yordam avtomashinasida viloyat shifoxonasining Shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib ketilgan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining 14 iyuldagi xulosasiga ko‘ra, Alisher Ergashevning chap qo‘l yelka bo‘g‘imi sohasi va chap oyoq tizza bo‘g‘imi old sohalari qontalashlari hamda bosh chap tomon chakka-tepa sohasi, chap bilak kaft bo‘g‘imi sohasi, ko‘krak umurtqalari sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi kabi jarohatlari mavjudligi, ushbu jarohatlar qattiq o‘tmas jismlar ta’sirida, ya’ni qo‘l bilan urish, qo‘l barmoqlari bilan qisib ushlash yoki shunga o‘xshash holatlarda yetkazilgan bo‘lishi mumkinligi, odatda bunday jarohatlar kishi sog‘lig‘ining 6 kundan ko‘p muddatga buzilishiga sabab bo‘lmagan “yengil shikast” deb baholanishi ko‘rsatilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning “Gazeta.uz"ga bergan xabariga ko‘ra, hozirda Guliston shahriga kirish-chiqishni nazorat qilish uchun tashkil etilgan blok-postda 13 iyul kuni xizmatni o‘tagan viloyat IIB xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasiga xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan nazorat o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 10 iyul kuni Jarqo‘rg‘onda sudyalar omma oldida obro‘sizlantirilgani, sud xodimi esa do‘pposlangani haqida xabar bergan edik.